“Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” yangi magistral temiryoʻlini qurish boshlandi

Saqlash
16:26 / 27.12.2024 352 0

Bugun, 27-dekabr kuni Sadir Japarov Jalolobod viloyatiga qilgan amaliy tashrifi chogʻida “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temiryoʻli qurilishiga start berdi.

 

Japarov marosimda mazkur temiryoʻl nafaqat transport yoʻlagi, balki Sharq va Gʻarb davlatlarini bogʻlovchi muhim strategik koʻprik ekanini taʼkidlagan.

 

“Ushbu yoʻnalish Xitoydan Qirgʻizistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan, Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni taʼminlaydi. Loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlaydi, transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga va mintaqaning xalqaro transport-tranzit hab sifatidagi raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi, bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlari maqsadlariga mos keladi”, degan Qirgʻiziston yetakchisi.

 

Shundan soʻng Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qoʻmitasi raisi Chjen Shansze XXR raisi Si Szinpinning murojaatini oʻqib eshittirgan.

 

Uning aytishicha, ushbu loyiha Osiyo va Yevropani bogʻlaydigan yangi quruqlik yoʻlagini qurish imkonini beradi va uch mamlakat oʻrtasida odamlarning harakatlanishi va tovar ayirboshlash darajasini sezilarli oshiradi. Loyiha sanoatni samarali rivojlantirish, resurslarni oʻzlashtirish, shuningdek, savdo va investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev ham Shavkat Mirziyoyevning murojaatini oʻqib eshittirgan. Murojaatda “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temiryoʻli qurilishiga asos solinishi doʻst mamlakatlar qariyb 30-yil ilgari bosib oʻtgan tarixiy voqea ekani urgʻulangan.

 

Maʼlumot uchun, Xitoyni Markaziy Osiyo davlatlari bilan bogʻlaydigan ushbu temiryoʻl tarmogʻini qurish loyihasi qariyb 25-yildan beri muhokama qilinib keladi. Muhokamalarda Xitoydan Qirgʻiziston orqali Oʻzbekistonga, soʻngra Turkmaniston, Eron va Turkiyaga yoʻnalishning bir nechta variantlari koʻrib chiqilgan.

 

Tomonlar temiryoʻlning kengligi, shuningdek, borish qiyin boʻlgan baland togʻli hududlardan oʻtadigan magistralning qurilish qiymati va uning yoʻnalishi haqida kelishib ololmaydi. Xabarga koʻra, ushbu yoʻnalishning qurib bitkazilishi Rossiya va Qozogʻistonga boʻlgan qaramlikni kamaytiradi.

 

Hujjatga koʻra, xalqaro transport yoʻlagi qurilishi “Qashqar–Torugart–Makmal–Jalolobod–Andijon” yoʻnalishining kombinatsiyalangan varianti boʻyicha amalga oshiriladi.

 

“Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temiryoʻlining uzunligi 486 km.ni tashkil etadi. Loyiha qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda.

 

Foto: Gazeta.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//