Oʻzbekistonda bu yil ham Yangi yil kunlari qorsiz oʻtadi

Saqlash
17:33 / 26.12.2024 98 0

 

Oʻzbekistonliklar Yangi yil bayramini yana qorsiz ob-havo bilan kutib oladi. Bu haqda “Oʻzgidromet” xabar berdi.

 

Maʻlum qilinishicha, 30-dekabrda respublika hududi boʻylab baʻzi joylarda va 31-dekabrga oʻtar kechasi Toshkent viloyatining ayrim joylarida yogʻingarchilik kuzatiladi, lekin tekislik hududlarda yogʻingarchilik asosan yomgʻir koʻrinishida boʻladi. Faqat togʻoldi va togʻli hududlarda, shuningdek, respublika shimolidagi baʻzi hududlarda yogʻingarchilik qor koʻrinishida boʻlishi kutilmoqda.

 

Respublika hududining katta qismida 31-dekabr kunduz kuni va 1-yanvarda yogʻingarchilik kutilmaydi.

 

30—31-dekabr va 1-yanvarda havo harorati asosan kechalari 0-5 daraja iliq, kunduz kunlari 5-10 daraja iliq atrofida, baʻzi joylarda 12 darajagacha iliq boʻladi. Shimolda kechalari 3-8 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq boʻladi.

 

Yangi yil bayrami kunlari Oʻzbekistonda ob-havo odatda qanday boʻladi?

 

Iqlim maʻlumotlari tahlili shuni koʻrsatadiki, soʻnggi yillarda iqlim oʻzgarishi hisobiga Oʻzbekistonning tekislik hududlarida va hatto togʻoldi hududlarida qish faslidagi yogʻingarchiliklar koʻpincha yomgʻir yoki hoʻl qor koʻrinishida yogʻishi kuzatilmoqda.

 

Soʻnggi 10-yil ichida Oʻzbekiston hududining katta qismida Yangi yil bayramlari qorsiz oʻtgan. Ushbu asrda 2007-yilning birinchi kuni eng qorli kun boʻlgan. 2007-yilning yangi yil kechasi arafasida qor yogʻishi boshlanib, 1-yanvarda butun kun davomida kuzatilgan.

 

Baʻzida qor Yangi yil bayramidan bir necha kun oldin yogʻgan va Yangi yil bayramigacha qor qoplami saqlanib turgan. Bu holat 2011—2012-yillarda kuzatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//