Poytaxtning 2045-yilgacha moʻljallangan bosh rejasi tasdiqlandi

Saqlash
15:11 / 26.12.2024 105 0

 

Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi qarori eʻlon qilindi.

 

Qarorda qayd etilishicha, Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish hamda qurilishni rejalashtirish sifati va darajasini oshirish, shaharning meʻmoriy-rejalashtirilgan qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsad qilingan.

 

Bosh rejaning asosiy koʻrsatkichlarini belgilovchi xaritalar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida ochiq maʻlumot sifatida joylashtiriladi.

 

Har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida belgilangan tartibda ushbu hududning master rejasi, batafsil rejalashtirish loyihasi yoki qurilish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlagan holda amalga oshiriladi.

 

Bosh rejaning ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi boʻyicha Toshkent shahar hokimining hisoboti har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisida eshitib boriladi.

 

Bosh rejani ishlab chiqishdan asosiy maqsad:

 

qurilishga ruxsat berish jarayonlarini tartibga solish;

 

shaharning muhandislik hamda yoʻl-transport infratuzilmasini, aholi zichligi parametrlarini, shuningdek, umumiy strategiyasini rejelashtirish;

 

shaharning yashil va sanitar himoyalanadigan hududlari hamda madaniy merosini muhofaza qilish;

 

iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish yoʻllarini belgilash;

 

aholining bugungi va istiqboldagi talablarini qanoatlantirish.

 

Bosh rejada quyidagi muammolarni hal qilishga alohida eʻtibor qaratilgan:

 

Toshkent shahrining hududlarini zonalarga ajratish

 

aholining harakatlanishiga boʻlgan talabni qondirish hamda transport oqimi barqarorligini taʻminlash

 

shaharning hududlari zichlik parametrlarining barqarorligini taʻminlash maqsadida shaharsozlik talablarini belgilash.

 

Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi qaroriga muvofiq shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan koʻrinishda ishlab chiqishga ruxsat etilgan.

 

Soddalashtirilgan koʻrinishdagi bosh reja Toshkent shahrining hududlarini quyidagi zonalarga ajratib beradi:

 

konservatsiya zonalari

 

rekonstruksiya zonalari

 

renovatsiya zonalari.

 

Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar oʻzgarishsiz qoladi. Bu zonada qoʻshimcha turar va noturar bino hamda inshootlar qurish taqiqlanadi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qoʻshimcha qurilishlar qilish mumkin boʻladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar oʻrnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.

 

Hujjatda belgilanishicha, poytaxt hokimligi 3 oy muddatda Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan davrga moʻjjallangan bosh rejasini amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

 

Qurilish uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bosh rejaga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshiradi.

 

Toshkent bosh rejasi haqida

 

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi. Davlat rahbari poytaxtni kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini taʼkidlagandi.

 

Bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektarni tashkil qiladi, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib borishi tayin. Shu bois Toshkent shahrining 2045-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi. Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgan edi. Unda berilgan koʻrsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//