Auksionga qoʻyilgan “Askiya” bozorini Xitoy kompaniyasi yutib oldi

Saqlash
14:51 / 25.12.2024 192 0

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Askiya” bozori hududi, bino va inshootlari uchun oʻtkazilgan auksion yakuniga yetdi.

 

Xabarga koʻra, ikkita qatnashchi ishtirokida oʻtgan kimoshdi savdosi 15 daqiqa davom etgan va Sheng Ke-International kompaniyasidan 225,59 milliard soʻm yoki boshlangʻich narxdan 5 foizga yuqori boʻlgan yagona stavkadan soʻng auksion yakunlangan.

 

Maʼlumot uchun, “Askiya” bozori majmuasi 20-dekabr kuni “E-auksion” platformasida kimoshdi savdosiga qoʻyilgan edi.

 

Taʼkidlanishicha, joriy yilning 23-may kuni roʻyxatdan oʻtgan mazkur Xitoy kompaniyasi ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bilan shugʻullanib keladi. Uning ustav fondi 68 mlrd soʻmni tashkil etadi. Yagona taʼsischisi sifatida Qozogʻistondagi xuddi shu nomdagi MCHJ, rahbari esa Chen Maysyuan (Chen Maiquan) koʻrsatilgan.

 

“Yangi Toshkent” loyihasi direksiyasi oldinroq yangi shahar qurilishi bilan bogʻliq loyihalarni muhokama qilish uchun Sheng Ke-International rahbariyati bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda kompaniya vakillari shahar infratuzilmasi, iqlim oʻzgarishiga moslashish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va barqaror rivojlanish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashgan.

 

Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovaning aytishicha, bozor zamonaviy talablarga javob bermaydi, savdo rastalarining ochiq havoda joylashuvi noqulay ob-havo sharoitida tashrif buyuruvchilarga noqulaylik tugʻdiradi, avtoturargoh, bozorga kirish-chiqish bilan bogʻliq muammolar mavjud.

 

Allabergenova, shuningdek, eskirgan bozorni qayta qurish boʻyicha muzokaralar olib borilayotganini va bir nechta investorlar oʻz takliflarini taqdim etganini qoʻshimcha qilgan. Loyiha doirasida 150 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan.

 

Loyiha doirasida toʻrt yulduzli mehmonxona va yirik savdo markazi qurish, skameykalar, eskalatorlar, veloturargohlar, hojatxonalar va Wi-Fi zonasiga ega yashil hudud yaratish reja qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//