Jahon
Joriy oy boshida Oksford lugʻati tomonidan 2024-yilda eng koʻp ishlatilgan soʻz “miyaning chirishi” (brain rot) boʻldi. Bu esa zamonaviy jamiyatdagi yangi hodisalarga toʻgʻri baho beruvchi soʻz deya qaralmoqda. Yaʼni, mazkur atama endilikda asosan cheksiz skrolling, keraksiz maʼlumot isteʼmoli va internetda vaqtning beqaror sarflanishini ifodalamoqda.
Xoʻsh, miya rostdan ham qanday qilib “chirish”i mumkin?
Xorijiy ekspertlarning fikriga koʻra, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa onlayn kontentlarni muntazam tarzda tomosha qilish inson miyasining “chirish”iga sabab boʻlar ekan.
Nevrolog Kyra Bobinet doimiy tarzda “reels” tomosha qiluvchilarga quyidagicha taʼrif beradi:
“Bunda odamlar eʼtiborni jalb qilishda qiyinchiliklarga duch keladi. Ularning miyasi xiralashgan, konsentratsiyasi kam... Ular diqqatni jamlab ishlay olmaydi. Shuningdek, buning ortida yolgʻizlik epidemiyasi ham turibdi. Chunki biz boshqalar bilan munosabat oʻrnatishga eʼtibor qarata olmaymiz”.
Bobinetning taʼkidlashicha, miyaning habenula deb ataladigan qismi miyaning motivatsiya va qaror qabul qilishda javobgar hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlar esa miyaning bu qismini faollashtirishi va “oʻchirib qoʻyishi” mumkin.
“Bu motivatsiyaning yoʻqolishiga olib keladi”, deydi u.
Inson har safar biror ishni bajarish oʻrniga ijtimoiy tarmoqlarni tanlaganida, qoldirilgan ish uchun xavotir va aybdorlik hissini tuyadi. Bu esa habenulani yanada kuchliroq faollashishga undaydi.Oqibatda, motivatsiya yoʻqoladi, negativ hissiyotlar esa ortib boraveradi.
Miya “chirish”idan qutulishning imkoni bormi? Bobinetning aytishicha, bunga yagona yechim mavjud emas. Eng muhimi – inson oʻziga mos keladiganini oʻrganish. Bunda “oʻzgarish kiritish, yaxshilashga harakat qilish va sozlash”ga amal qilish kerak.
Yana bir mutaxassis, doktor Don Grant “reels” tizimini ishlab chiquvchilarni oʻyin mashinalari yaratadiganlarga qiyoslaydi.
“Ular juda aqlli, bu algoritmlarni yaratgan va bizning limbik tizimimizdan foydalanadigan yaratuvchilar — xuddi oʻyin mashinalarini yaratgan odamlarga oʻxshaydi”, deydi u.
Grant ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni tomosha qiladigan va ulardan hech birini eslab qololmaydigan bolalar haqida gapiradi.
“Men ularga aytaman: “Xoʻsh, menga esingda qolgan birorta videoni aytib bera olasanmi?”. Men hozircha videolarni koʻrib eslab qolgan bir nafargina bolani bilaman. Bizning miya materiyamiz kamayib bormoqda, xotiralarimiz susaymoqda, eʼtiborimiz pasaymoqda”, deya xavotir bilan gapiradi u.
Doktor Don Grant odamlarning cheksiz va tubsiz boʻlgan “reels”lar oqimiga yopishib qolmasligi uchun oʻzining maslahatlarini ham berib oʻtadi. U bolaga videolarni oʻtkazib yuborishdan qoʻrqish (fomo) tarmoqda onlayn qolishga sabab boʻlmasligini tushuntirish kerak deb oʻylaydi. Katta yoshlilar esa qaramlikdan qutilish uchun internetda strategiya bilan harakatlanishi kerak ekan. Yaʼni, koʻriladigan kontentlarning 80 foizi mazmunli va zaruriy narsalar, qolgan 20 foizi oʻyin-kulgiga bagʻishlangan boʻlsin.
Bundan tashqari, foydalanuvchi qurilmasida internetdan foydalanish vaqtini cheklovchi rejimni yoqishi kerak. Smartfondan foydalanishni man qiladigan uy zonalarini yaratish, sayr qilish va velosipedda aylanish ham bu kurashda ancha-muncha yordam beradi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q