Malayziyada Beruniy asarining XII asrga oid qoʻlyozmasi topildi

Saqlash
15:20 / 14.12.2024 318 0

Malayziyadagi Xalqaro Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasidan Abu Rayhon Beruniyning “At-Tafhim” asarining toʻqqiz asrlik qoʻlyozmasi topildi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktor oʻrinbosari Firdavs Halimov aytishicha, Beruniyning bu asari fors tilida yozilgan.

 

“Biz Oʻzbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Karomidin Gadoyev bilan Kuala-Lumpurdagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasiga bordik. Bu yerda bevosita Oʻzbekiston madaniy merosiga oid qoʻlyozmalar ham borligiga amin boʻldik. Qoʻlyozmalardan biri bu alloma Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub boʻlgan ”At-Tafhim“ asaridir. Fors tilidagi, samo jismlarini oʻrganish masalalariga bagʻishlangan bu asar 1197-yilda koʻchirilgan”, deydi u.

 

Bundan tashqari, Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub “Shohnoma” asarining salkam olti asrlik qoʻlyozmasi ham shu kutubxonada saqlanayotgani aniqlandi. U nastaʼliq xatida temuriylar kitobat sanʼatiga xos uslubda koʻchirilgan boʻlib, undan 29 ta miniatyura oʻrin olgan. Ushbu miniatyuralarda Kamoliddin Behzod maktabiga xos unsurlar koʻzga tashlanadi.

 

 

Mazkur qoʻlyozmalar qayerda va kim tomonidan koʻchirilgani hozircha nomaʼlum. Maʼlum qilinishicha, ular oʻn yilcha ilgari Niderlandiyada oʻtkazilgan auksion savdosi orqali sotib olinib, Malayziyaga keltirilgan.

 

Halimovning qoʻshimcha qilishicha, kutubxona rahbariyati mazkur qoʻlyozmalarning nusxalarini Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi fondiga topshirishni maʼlum qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//