Oʻzbekiston pavilyoni Germaniyaning dizayn boʻyicha oltin medaliga loyiq koʻrildi

Saqlash
09:24 / 14.12.2024 272 0

Foto: OʻzA

 

Oʻzbekiston milliy pavilyoni Germaniyaning dizayn boʻyicha “Aʼlo meʼmorchilik – yarmarkalar va koʻrgazmalar” nominatsiyasida oltin medaliga sazovor boʻldi.

 

Maʼlum boʻlishicha, pavilyon Osaka shahrida oʻtkaziladigan “Expo 2025” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etishi kutilmoqda.

 

“Oʻzbekiston pavilyoni Germaniyadagi dizayn mukofotida oltin medalga sazovor boʻlganidan hayratdamiz. Bu bizning Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi uchun amalga oshirib kelayotgan uchta yirik loyihamizdan biridir. Mazkur loyihada anʼanani zamonaviylik bilan uygʻunlashtiradigan barqaror meʼmorchilik va ilgʻor dizaynning muhimligiga urgʻu beriladi, – deydi “ATELIER BRÜCKNER” boshqaruvchi direktori Shirin Frangoul-Bryukner.

 

Taʼkidlanishicha, pavilyon Markaziy Osiyo davlati uchun yangi davr ramzi – oʻsish va rivojlanish istiqbollariga bagʻishlangan namoyishni oʻzida qamragan boʻlib, dizaynda tabiiy ashyolar va modulli qurilmalardan foydalanilgan.

 

 

“Oltin mukofotni Germaniya dizayn mukofotlari anjumanida qabul qilib olish Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi uchun muhim bosqich hisoblanadi. Bu jahon miqyosida Oʻzbekistonning madaniy manzarasini asrab-avaylash, targʻib qilish va parvarishlash boʻyicha ustuvor maqsadimizga hamohangdir”, – deydi Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi Gayane Umerova.

 

Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining xabar berishicha, pavilyonda Oʻzbekistonning boy tarixi namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarga ilm-fan, innovatsiyalar va mamlakatdagi oʻzgarishlar haqida noyob tushunchalar taqdim etiladi. Loyihaga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan buyurtma berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//