Sadir Japarov Ozodbek Nazarbekovni Qirgʻiziston xalq artisti unvoni bilan taqdirladi

Saqlash
17:22 / 13.12.2024 187 0

 

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 13-dekabr kuni Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni qabul qildi, Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, uchrashuvda Sadir Japarov Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy doʻstlik rishtalarini mustahkamlashda muhim boʻgʻin boʻlib, mushtarak tarix, til, madaniyat va anʻanalar bilan bogʻlanganini alohida taʻkidlagan.

 

“Xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari birlashtirib turadi. 1992-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi va bu hamkorlikni mustahkamlashda madaniyat muhim oʻrin tutadi”, – degan Sadir Japarov.

 

Shuningdek, Qirgʻiziston prezidenti 2025-yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea boʻlishiga ishonch bildirgan.

 

Sadir Japarov Ozodbek Nazarbekovni Qirgʻiziston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan tabriklab, uning mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va doʻstlikni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasini qayd etgan.

 

Eslatib oʻtamiz, sentabr oyida Qirgʻiziston milliy filarmoniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori Nur Omurbayevga Oʻzbekiston xalq artisti faxriy unvoni, Qirgʻizistondagi erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbekka Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist faxriy unvoni berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//