Namanganda  «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» mavzusida tadbir o‘tkazildi

Saqlash
15:03 / 24.12.2021 1023 0

Kecha, 23-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi tashabbusi bilan viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» mavzusida hisobot yig‘ilishi va tantanali tadbir o‘tkazildi.

 

Unda viloyat hokimligi, oliy ta’lim muassasalari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat, shahar va tumanlar bo‘lim rahbarlari hamda mahallalarda namunali ish tashkil etgan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

 

Yig‘ilishda markazning viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Appakov so‘zga chiqib, o‘tgan davr mobaynida viloyatdagi mahallalarda amalga oshirilgan ishlar, faoliyatda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, kelgusidagi vazifalar yuzasidan axborot berdi.

 

Namangan davlat universiteti katta o‘qituvchisi Yulduzxon To‘xtaboyeva, Namangan muhandislik-texnologiya instituti dosenti Turdiali Malikov, Namangan muhandislik-qurilish instituti kafedra mudiri Ahmadjon To‘xtaboyev ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

Viloyat hokimining o‘rinbosari Gʻulomjon Murodxo‘jayev kelgusida mazkur tamoyil asosida mahallalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.

 

Yig‘ilish yakunida yil davomida o‘ziga biriktirilgan mahallalarda namunali ish tashkil etgan va samarali faoliyat olib borgan bir guruh ziyolilarga viloyat hokimligining tashakkurnomalari hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

 

Shuningdek, markazning barcha tuman va shahar bo‘linmalariga kompyuter jamlanmalari, rangli printerlar taqdim etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//