Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatdi

Saqlash
12:07 / 20.11.2024 285 0

Bugun, 20-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtishi, unda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham nutq soʻzlashi aytilgan edi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, Hukumat aʼzolari, markaziy muassasalar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus vakillari, chet el va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotgan yigʻilishning asosiy masalalaridan biri bu ​Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish boʻldi.

 

Shavkat Mirziyoyev kambagʻallikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yoʻl, ichimlik suvi taʼminoti, aholini uy-joy bilan taʼminlash kabi muhim sohalarda xalqimizning talab va ehtiyojlari tobora oʻsib borayotgani taʼkidlar ekan, Bosh vazir lavozimiga tavsiya etiladigan nomzod mazkur masalalarning barchasini hisobga olib, ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻz dasturini taqdim etishi kerakligini qayd etdi.

 

Prezident, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonimiz yangi parlamenti bilan birga oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qoʻyayotganini taʼkidladi.

 

Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab boʻlmasligi aytilar ekan, bunda Hukumat oʻz faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerakligi, buning uchun unga kuchli rahbar, yaʼni, Bosh vazir zarurligi aytildi.

 

Shavkat Mirziyoyev bu masalani atroflicha oʻylab, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigʻmatovich Aripov nomzodini koʻrsatishga qaror qilganini bildirdi.

 

“Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega boʻlgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, masʼuliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar”, deya taʼkidladi Prezident.

 

Yakunda Aripov nomzodi deputatlar muhokamasiga taqdim etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//