Endi subsidiya ajratilishida yaqin qarindoshlarining daromadlari ham hisobga olinadi

Saqlash
16:44 / 14.11.2024 395 0

Hukumat qarori bilan ipoteka krediti boʻyicha subsidiya ajratish tartibiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Shuningdek, subsidiya ajratish tartibi ham takomillashtirildi.

 

Jumladan, ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlab beriladigan fuqarolarni tanlab olish va baholash jarayonlari avtomatlashtirildi.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz dasturiy taʼminot tizimi Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining mavjud elektron maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilindi.

 

Shunga koʻra, endilikda subsidiya.idm.uz integratsiyalashgan tizimi orqali ariza beruvchining maʼlumotlari avtomatlashgan tarzda tekshiriladi va baholanadi.

 

Xususan:

Adliya vazirligi – oila tarkibi va ariza beruvchining yolgʻiz ona, beva va ajrashgan ayollar toifasiga mansubligi hamda ariza beruvchining turmush oʻrtogʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻgʻri kiritilgani;

 

Kadastr agentligi — ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻining nomida turar joy mavjud yoki mavjud emasligi;

 

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — ariza beruvchini “Labor – migration” dasturida roʻyxatdan oʻtgani. Bunda, fuqaroning haqiqatda xorijda ish faoliyatini amalga oshiruvchi migrant ekanligi tekshiriladi.

 

Soliq qoʻmitasi — ariza beruvchi va uning oila aʼzolarining oʻrtacha oylik daromadlari;

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi — ariza beruvchi va uning oilasidagi shaxs “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tizimidan roʻyxatdan oʻtgani. Bunda, ariza beruvchi va uning oilasida birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs, surunkali kasallikning ogʻir turlaridan azob chekuvchi va ogʻir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan shaxs ekanligi tekshiriladi.

 

Mazkur masʼul tashkilotlarning maʼlumotlar bazalaridan ariza beruvchining maʼlumotlari 3 ish kuni davomida nazorat qilinadi.

 

Bundan tashqari, endi subsidiyaga ariza berilganda agar ariza beruvchining va uning turmush oʻrtogʻining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori belgilangan meʼyorlardan kam boʻlsa, daromadlar hisob-kitobiga ularning yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkinligi belgilandi.

 

Xabarda taʼkidlanishicha, ariza beruvchi, shu jumladan, uning turmush oʻrtogʻi va yaqin qarindoshlarining jami oʻrtacha oylik daromadlari boʻyicha ball berilmagan taqdirda ariza boshqa mezonlar asosida koʻrib chiqilmasligi va avtomat ravishda subsidiya ajratishni rad etish uchun komissiya kotibiga yuborilishi belgilanmoqda.

 

Bunda, soʻnggi uch oyning kamida bir oyida daromadga ega boʻlish talab etiladi.

 

Ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladigan holatlarga aniqlik kiritilmoqda:

 

▪️ taqdim etilgan maʼlumotlar notoʻgʻri yoki soxta boʻlganda ariza koʻrib chiqish jarayoniga oʻtkazilmasligi va avtomat ravishda rad etilishi;

 

▪️ joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda tizim tomonidan barcha arizalarni koʻrib chiqish avtomat ravishda toʻxtatilishi va rad etilishi;

 

▪️ ilgari ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyadan foydalangan fuqarolar va ularning turmush oʻrtoqlari tomonidan takroriy murojaat etilganda ariza rad etilishi;

 

▪️ arizani koʻrib chiqishda ariza beruvchining turmush oʻrtogʻi tomonidan avval topshirilgan va koʻrib chiqish jarayonida boʻlgan ariza aniqlanganda ushbu ariza rad etilishi belgilandi.

 

Hujjat bilan subsidiya ajratiladigan fuqarolarni baholashning ijtimoiy mezonlariga oʻzgartirishlar kiritildi. Bunda mezonlar asosida beriladigan ballar tizimi soddalashtirildi.

 

Shunga koʻra, endilikda ariza beruvchi va/yoki uning oilasining daromadidan kelib chiqib 10 yoki 5 ball berilishi mumkin.

 

“Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtgan shaxslarga ham qoʻshimcha 5 ball berilishi belgilanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//