2025-yilgi davlat byudjeti loyihasining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi

Saqlash
09:10 / 18.10.2024 109 0

Kecha, 17-oktyabr kuni Prezident huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2025-yil uchun moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar muhokamasi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

 

Unda iqtisodiyot va investitsiya sohasidagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.

 

Asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlagan holda byudjet daromadlarini koʻpaytirishning birdan bir yoʻli bu, soliq maʼmurchiligini takomillashtirishdir. Qayd etilishicha, mazkur chora-tadbirni tadbirkorlar faoliyatiga aralashish bilan emas, balki raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish hisobiga amalga oshirish zarurligi davlat rahbari tomonidan taʼkidlangan.

 

Yigʻilishda, shuningdek, 2025-yilga moʻljallangan iqtisodiy rejalar ham koʻrib chiqildi.

 

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot oʻsishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Buning uchun esa rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, axborot texnologiyalari, agro va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish talab etiladi. Shu maqsadda mutasaddilarga imtiyozlarning samaradorligini koʻrib chiqish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

 

Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga esa kelgusi yilda 78 ta tuman byudjet xarajatini oʻzi qoplashga oʻtkazilishi maʼlum qilindi. Bunda yer, mol-mulk va aylanma soligʻi toʻliq, daromad soligʻining 50 foizi ularning oʻzida qoldiriladi.

 

Xabarda yozilishicha, ijtimoiy davlat tamoyilidan kelib chiqib, taʼlim va sogʻliqni saqlashga ajratilayotgan mablagʻlarni 20 foizga koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

 

Yigʻilish yakunida bildirilgan fikrlar asosida 2025-yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yoʻnalishlari belgilab olingan.

 

Maʼlumot uchun, qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//