Jamiyat
Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Mening bogʻcham” loyihasi boʻyicha ovoz berish jarayoni boshlanganini maʼlum qildi.
Mazkur bosqich 25-oktyabr kuni, soat 10:00 ga qadar davom etadi.
Maʼlumot uchun, 2025-yilgi davlat byudjetidan bogʻchalar qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashga ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi yangi loyiha doirasida sarflanadi. Dastlabki bosqichda esa yangi bogʻchalar qurilishiga urgʻu beriladi.
“Yangi “Mening bogʻcham” loyihasi orqali mamlakatda bogʻchalar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishda jamoatchilik ishtirokini taʼminlamoqchimiz”, degan edi Vazirlik boʻlim boshligʻi Sirojiddin Qutliyev Daryo'ga bergan intervyusida.
Uning soʻzlariga koʻra, 2025-yildan boshlab bogʻchalar uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlarining yarmi jamoatchilik ishtirokida yoʻnaltiriladi.
Bu loyihada ovoz berish jarayoni oldingilaridan farq qiladi. Yaʼni, qurilishi yoki rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan bogʻchalar roʻyxatini masʼul tashkilotlar (Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi) “Ochiq byudjet” portaliga kiritadi. Fuqarolar esa tayyor loyihaga ovoz beradi.
“Bunda aholi hududida yangi bogʻcha qurilishiga yoki boʻlmasa, sharoiti ogʻir ahvoldagi bogʻchani rekonstruksiya qilishga ovoz beradi. Jarayonda bir fuqaro bir ovoz berish imkonga ega boʻladi. Portalda eng koʻp ovoz toʻplagan loyihalar gʻolib deb eʼlon qilinadi va 2025-yilgi investitsiya dasturiga kiritiladi, deya izoh bergan edi vazirlik yetakchi mutaxassisi Ulugʻbek Choriyev.
Bugundan start olgan yangi loyihada fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ovoz berishning 3 ta usuli taklif etilgan:
▪️ “Ochiq byudjet” portalining veb-sahifasi orqali;
▪️ portalning mobil ilovasi (Android va iOS) orqali;
▪️ Telegramdagi rasmiy bot orqali.
Loyihalar roʻyxati bilan mazkur havola orqali tanishish mumkin.
Maʼlumot oʻrnida, avgust oyida berilgan maʼlumotda Oʻzbekistonda 37 548 ta bogʻcha faoliyat yuritayotgani, shundan 6 867 tasi davlat bogʻchasi hisoblanishi aytilgan.
Respublikaning 500 dan ortiq hududida ayni vaqtda yangi bogʻchalar qurishga ehtiyoj sezilmoqda. Jami 6 867 ta davlat bogʻchalarining 20–25 foizi esa 30-40-yil ilgari qurilgan va rekonstruksiyaga muhtoj.
“Mening bogʻcham” loyihasi doirasida kelasi yili qurilishi rejalashtirilgan bogʻchalar uchun davlat byudjetidan 400 mlrd soʻm atrofida mablagʻ ajratilishi kutilmoqda.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q