Prezident Toshkent viloyatida bir qator sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi

Saqlash
18:14 / 14.10.2024 282 0

Toshkent viloyatiga qilgan tashrifi avvalida Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti va yangi loyihalarni borib koʻrdi.

 

Prezident Toshkent tumanidagi Keles yoʻli koʻchasi boʻylab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, shu yerning oʻzida tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash va kambagʻallikdan chiqarish masalalari yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitdi.

 

 

Taʼkidlanishicha, joriy yilning 6 oyida tuman iqtisodiyoti 23 foiz oʻsgan. Yangi qurilishlar va ulardagi korxonalar negizida soliq manbasi koʻpaygan. Ahvoli ogʻir boʻlgan 372 ta oilaga koʻmaklashish uchun masʼullar va choralar belgilangan.

 

Rejadagi loyihalar, bandlik hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida yil yakuniga qadar 34 ming 443 ta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.

 

Davlat rahbari xonadonlardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tadbirkorlarning kambagʻal oila vakillarini ishga olishini ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

 

“Toshkent tumani poytaxtimizning yonginasida. Bu yerda uy-joy, ishlab chiqarish, tijorat, xizmat boʻyicha juda katta imkoniyatlar bor. Ish toʻgʻri tashkil qilinsa, oʻzi bu tumanda kambagʻalchilik boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun iqtisodiy kompleksga, mahallalarga berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kambagʻallikdan farovonlik sari yurish kerak, — dedi Prezident.

 

Maʼlumot uchun, Toshkent tumanida yil yakuni bilan qariyb 53 mln dollar investitsiya oʻzlashtirilishi hisobiga sanoatda 9 foiz, xizmat koʻrsatishda 13 foiz oʻsish surʼati boʻlishi kutilmoqda.

 

Keyingi manzil Zangiota tumanidagi “Technologies of real time” Oʻzbekiston–Singapur qoʻshma korxonasi boʻldi.

 

Avtomobil ehtiyot qismlarini tayyorlovchi mazkur zavod bugungi kunda 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlarini ishlab chiqarilmoqda.

 

 

Mahsulotlar buyurtma asosida Oʻzbekiston boʻylab yetkazib beriladi. Xususan, UzAuto Motors'ning Xorazm viloyatidagi zavodiga Damas va Labo avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.

 

Bundan tashqari, oʻtgan yili Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 mln dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib berilgan. Joriy yilning toʻqqiz oyida 2 mln dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.

 

Korxonada 220 ta ish oʻrni yaratilgan. Xodimlar shu yerdagi kurslarda oʻqitilib, keyin ishga qabul qilinadi.

 

Shavkat Mirziyoyev zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.

 

Kelgusi rejalarga koʻra, 2025-yilda 1,15 mln dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada BYD, Chery, Changan, Geely avto, Dongfeng kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.

 

Navbatdagi tashrif Yangiyoʻl tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasida boʻldi. Prezident shuningdek, u yerdagi “Enter steel” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

 

“Tinchlik” kichik sanoat zonasiga qurilish materiallari, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmoqlarida oʻn beshta loyiha joylashtirilgan boʻlib, shundan oʻntasi ishga tushirilgan. Ularda oʻtgan yili 295 milliard soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

 

 

Hozircha bu korxonalarda 1 ming 500 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Barcha loyihalar ishga tushsa, bandlik yana ortadi.

 

“Enter Steel” korxonasida esa metall konstruksiyalar, yuqori bosimga chidamli rezervuarlar, yuk koʻtaruvchi kranlar, burgʻilash uskunalari, payvandlash elektrodlari, metall eshik, elektr qutilar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

 

Ushbu loyihaning qiymati 40 million dollar boʻlib, unga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirilgan. Bu yerga Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlardan uskunalar keltirilgan. Bu esa mahsulotlar sifati va ish unumdorligi yuqori boʻlishiga xizmat qilmoqda.

 

 

Korxonada jami 1 ming 500 kishini ish bilan taʼminlash imkoni bor.

 

Davlat rahbari korxonaning ish jarayonini koʻzdan kechirib, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi.

 

Shuningdek, mutasaddilarga korxona mahsulotlari zarur boʻlgan tarmoqlar bilan kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//