O‘smirlardagi asabiylik va tushkunlik darajasi ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq – Financial Times

Saqlash
10:42 / 14.10.2024 231 0

FT nashri Oksford universiteti o‘tkazgan tadqiqotlarga asoslanib, yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan qancha ko‘p foydalansa, ularda ruhiy tushkunlik va bezovtalik shuncha ortishini ma’lum qildi.

 

“Biz asabiylik va ruhiy tushkunlikning ortishi darajasi hamda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan vaqt o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligini topdik. Ko‘plab eng yomon holatlarda o‘smirlar kuniga sakkiz soatgacha vaqtini ijtimoiy saytlarda o‘tkazadi”, – degan tadqiqotga rahbarlik qilgan Oksford universiteti professori Jon Gallaher.

 

Tadqiqot mualliflari, Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmati ma’lumotlarini tahlil qilib, so‘nggi yillarda o‘smirlarning ruhiy salomatlik bo‘yicha davolanishi sur’ati ancha tez o‘sayotganini aniqlagan.

 

Xususan, 2023-yilda 1,1 million o‘smir shunday xizmatlardan foydalangan. 2016-17-yillarda esa bu raqam 500 mingni tashkil qilgan, ya’ni 6 yil ichida ruhiy muolajaga ehtiyoj sezgan yoshlar soni ikki baravar oshgan.

 

Shu bilan birga, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smir qizlar bunday turdagi xizmatlarga (ruhiy tiklanish) o‘g‘il bolalardan ko‘proq murojaat qilgan.

 

Olimlar, aksincha, uyqu vaqtini oshirish va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish o‘smirlarning ruhiy salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qilgan.

 

Oksford universiteti o‘tkazgan tadqiqotda 7 ming nafar o‘smir ishtirok etgan. Kelajakda ularning sonini 50 mingga yetkazish maqsad qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//