Madaniyat
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 20-dekabr kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘tkir Hoshimov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Unda davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, ijodiy tashkilotlar, yozuvchining oila a’zolari, yosh ijodkorlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Teatr foyesida O‘tkir Hoshimov asarlari, uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbir avvalida davlat buyurtmasiga asosan Kinematografiya agentligi tomonidan yozuvchining hayoti va ijodiga bag‘ishlab tayyorlangan “Chiroq ko‘targan odam” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Tantanali kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning tabrik so‘zi bilan ochildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid adibning badiiy asarlari mohiyati, yosh ijodkorlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi hamda adabiy saboqlari haqida so‘zladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻofurov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos Shuhrat Rizayev so‘zga chiqib, O‘tkir Hoshimovning hayot va ijod yo‘llari, insoniy fazilatlari haqida gapirib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbek davlat drama teatri aktyorlari ijrosida “Dunyoning ishlari”, Qashqadaryo musiqali drama teatri jamoasining “To‘ylar muborak” spektaklidan parcha namoyish etildi. O‘zbek Milliy Akademik drama teatri aktyori Ixtiyor Otajonov ijrosida yozuvchi qalamiga mansub “Laylak” nomli sahna ko‘rinishi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobidan namunalar o‘qildi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q