Jamiyat
Qishloq xoʻjaligi vaziri sobiq oʻrinbosari Alisher Turayev 6 yilga, uning qizi esa 5 yilga qamaldi, deb xabar berdi Gazeta.uz.
Maʼlum boʻlishicha, sud Turayevni qariyb 10 mlrd soʻmlik 1 mln dona uzum koʻchatini yetkazib berish ishi boʻyicha talon-toroj qilish va mansab soxtakorligida ayblab, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Yetkazib beruvchi kompaniyada ishlagan qizi Anais Turayevaga ham 5 yil-u 1 oy muddatli qamoq jazosi tayinlangan.
2021-yil sentyabr oyida qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbari (buyurtmachi) Alisher Turayevning oʻgʻliga tegishli boʻlgan De Nova Agro kompaniyasi 1 million dona uzum koʻchatini yetkazib berish boʻyicha 9,95 milliard soʻmlik tenderda gʻolib boʻlgan edi. Oʻsha paytda kompaniya direktori Anais Turayeva (oʻrinbosarning qizi) boʻlgan.
Nashrning yozishicha, ish materiallari oʻrganilganda, Alisher Turayev tender komissiyasini “oʻziga sodiq odamlar”dan (ular alohida jinoiy ishda koʻrsatilgan) tuzgani, ular komissiya yigʻilishi bayonnomasini imzolagani, lekin aslida u oʻtkazilmagani maʼlum boʻlgan.
Hujjatda keltirilishicha, sobiq vazir oʻrinbosari uning oʻgʻli Bekjon Toʻrayev taʼsischi boʻlgan De Nova Agro kompaniyasining tender savdolarida gʻalaba qozongan (manfaatlar toʻqnashuviga qaramay). 2021-yil 30-avgust kuni korxona bilan in-vitro usulida 1 mln dona uzum koʻchati yetkazib berish boʻyicha 9,95 milliard soʻmlik shartnoma tuzilgan.
Sud qarorida qayd etilishicha, amalda bu koʻchatlar markazga yetkazib berilmagan, biroq mahsulot qabul qilingani haqida bir nechta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilib, “talon-toroj qilingan” mablagʻlar oʻtkazib berilgan.
Endilikda Toʻrayev hamda uning qizi, shuningdek, markaz hisobchisi ham mahsulotlarni qabul qilish va topshirish boʻyicha boshqa rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanmoqda. Maʼlum qilinishicha, ular 2023-yilda issiqxonalardagi 283,4 ming tup koʻchatlarning koʻchat ekish vaqtida ildizlari shikastlangani, elektr taʼminotining muntazam uzilishi, sugʻorish tizimidagi nosozliklar tufayli nobud boʻlgani haqidagi bir necha maʼlumotnomalarni qalbakilashtirishgan, ammo oʻsimliklar nobud boʻlish tugul, aslida yetkazib berilmagan.
Sudda Alisher Turayev oʻz aybiga qisman iqror ekanini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi va viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida eʼlon qilingan topshiriqlari ijrosi boʻyicha 15-bayonnomaning 54-bandida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan markazga 10 mlrd soʻm pul mablagʻi begʻaraz ajratilishi koʻzda tutilgan. Ushbu mablagʻlarni 2021-yil yakuniga qadar in-vitro sharoitida uzumning sovuqqa chidamli, hosildor, eksportbop, turli kasalliklardan holi urugʻsiz navlarini yaratish va koʻpaytirish uchun 1 mln tup koʻchat yetishtirishga yoʻnaltirish rejalashtirilgan edi.
Sobiq oʻrinbosarning aytishicha, u oʻsha paytdagi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev va Prezident administratsiyasi vakillari bilan maslahatlashib, agentlikka 35 ta uzum navini (asosan xorijiy navlar) joʻnatgan, shundan 23 tasi tanlab olingan.
Anais Turayeva ham sudda oʻz aybini toʻliq inkor etgan. Uning soʻzlariga koʻra, shartnomani u emas, De Nova Agro kompaniyasi direktori Strelkovskix va uning otasi Alisher Turayev imzolagan. Bundan tashqari, uning soʻzlariga koʻra, korxona tomonidan markazga 700 ming dona uzum koʻchati yetkazilgan, yana 76 mingtasi korxonaning Yangiyoʻl tumanidagi issiqxonasida, qolganlari ishlab chiqarish jarayonida toʻxtatilgan.
“Sudlanuvchining aytishicha, u korxonani direktor sifatida vaqtincha boshqargan va turli oylarda markazga uch partiyada 700 ming tup koʻchat topshirgan. U havoning sovuqligi va gaz yetishmasligi sababli oʻsimliklarning nobud boʻlishida oʻzini aybdor deb hisoblamasligini taʼkidladi”, deb yozadi Gazeta.uz.
Bosh hisobchi Mansur Qoʻzibekov esa Turayevning koʻrsatmasi bilan yetkazib beruvchining hisob raqamiga mablagʻ oʻtkazganini va bu jarayondan manfaatdor emasligini, evaziga hech qanday moddiy mablagʻ olmaganini aytgan. Ishdan boʻshatilishi mumkinligi va oilada yagona boquvchi boʻlgani hamda krediti borligi sababli u rahbarning “noqonuniy buyrugʻini” bajarishga majbur boʻlgan.
Shuningdek, u tender hujjatlari rus tilida boʻlgani uchun u bilan tanishmaganini bildirgan.
Xabarda keltirilishicha, sud Alisher Turayevni JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topgan va 2 yil muddatga davlat tashkilotida rahbarlik, moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Mansur Qoʻzibekov ham shu kabi moddalar uchun 5 yil-u 6 oyga qamalgan.
Anais Turayev esa JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28-moddani qoʻllagan holda 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (mansab soxtakorligida sheriklik) boʻyicha 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Hukm ijrosi 2027-yilning 8 iyuliga — yaʼni, 2024 yilning iyul oyida tugʻilgan oʻgʻli uch yoshga toʻlguniga qadar kechiktirilgan.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q