Jamiyat
Maʼlumki, allaqachon salqin havo oqimi mamlakatga kirib keldi. Endilikda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar (OʻRVI) avj oladigan kunlar yaqinlashmoqda. Bu esa shamollash va gripp singari mavsumiy kasalliklar bolalar oʻrtasida keng tarqalishiga olib keladi.
Shunday holatlarda, yaʼni bola shamollash yoki grippga chalinish vaqtida ayrim ota-onalar shifokorga koʻrsatish oʻrniga uy sharoitida davolash choralarini koʻra boshlaydi.
Sogʻliqni saqlash vazirligining xabariga koʻra, ota-onalaring bunday vaziyatda shifokor tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan amalga oshiradigan notoʻgʻri muolajalari qator asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Masalan, ayrim yoshi kattalar isitmasi yuqori bolaning tomogʻini yod yoki “zelyonka” bilan artadi. Bu esa yanglish xatti-harakatdir. Sababi, kichik yoshli bemorning nafas yoʻli shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yalligʻlangan va shishgan boʻladi.
Bordi-yu yuqorida aytilgan surtmalar bilan bolaning tomogʻiga ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, laringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor.
Eng afzali, tana harorati 38,5 darajadan koʻtarilganda, Paratsetamol yoki Ibuprofen berishdir. Ammo baʼzi ota-onalar tibbiyotdan yaxshi xabardor boʻlmagan tanishi, qoʻshnisini chaqirib, Analgin, Dimedrol, Novokain qoʻshib, mazkur aralashmani isitma tushirishda qoʻllaydi.
Xabarda yozilishicha, bu mutlaqo mumkin emas. Chunki Analgin qonni suyultirib yuboradi. Dimedrol esa bolada yoʻtal paydo boʻlib, bronxlari torayib qolgan paytda asoratlarni yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, allergik yoʻtal, astma, yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish mumkin emas. Boisi, tutun kichkintoy organlarining spazmini koʻpaytirib, yoʻtalni yanada kuchaytirish ehtimoli mavjud.
Tana harorati koʻtarilgan bolani qalin kiyintirish, koʻrpa-adyollar oʻrab-chirmab tashlash ham notoʻgʻri. Chunki bu xatti-harakat organizmning isitmadan xalos boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.
Vazirlik xabarida shamollagan bolani koʻp ovqat yeyish yoki ichimlik ichishga majburlamaslik kerakligini taʼkidlanadi. Shamollash chogʻida bolaning ishtahasi pasayadi va bu organizmning tabiiy reaksiyasi hisoblanadi. Agar bola bunday paytda koʻp ovqat yeyish yoki ichimlik ichishga majburlansa, yakunda kichkintoy oʻzini yomon his qilishi yoxud hazm qilish jarayoni buzilishi mumkin.
Tavsiyaga koʻra, OʻRVI yoki gripp tashxisi qoʻyilgan bolani havo aylanmaydigan va nam xonada saqlamaslik lozim. Bunday sharoitda viruslar koʻpayishi osonlashadi va bemorning nafas olishi qiyinlashadi.
Eng muhimi, tumov belgilari kuzatila boshlasa, oʻzboshimchalik bilan oʻgʻil-qizlarga antibiotiklar berish mumkin emas. Bunday preparatlar virusli xastaliklarda yordam bermaydi. Aksincha, aks taʼsir koʻrsatadi.
Eng afzali, shamollash chogʻida va tana harorati koʻtarilganda koʻp suyuqlik ichish kasallikni tezroq yengishga yordam beradi.
Agar bolada pnevmoniyaning ilk belgilari kuzatilsa, shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q