Ertangi oʻyin sunʼiy qoplamali maydonda oʻtkaziladi

Saqlash
19:57 / 09.09.2024 1056 0

Xabaringiz bor, ertaga, 10-sentyabr kuni JCh-2026 3-saralash bosqichi 2-tur doirasidagi bahsda Oʻzbekiston terma jamoasi Qirgʻiz Respublikasida mehmon boʻladi. Oʻyin Toshkent vaqti bilan 19:00ʼda boshlanadi.

 

Bugun boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida oʻyin oldidan baʼzi savollarga javob berildi.

 

Jumladan, aniqlik kiritilishicha, boʻlajak oʻyin sunʼiy qoplamali maydonda oʻtkaziladi.

 

“Men hech nimani oʻzgartira olmayman. Agar ushbu maydonda futbol oʻynashga ruxsat berilgan boʻlsa, biz maydonga chiqishga majburmiz. Shunchaki koʻnikib olishimiz kerak. Biz hech nimadan qoʻrqishimiz kerak emas, biz yuqori texnikaga ega jamoamiz”, deya javob bergan Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston terma jamoalari Osiyo Kubogi oldidan tashkil etilgan oʻrtoqlik oʻyinida kuch sinashgan edi va unda Oʻzbekiston terma jamoasi gʻalaba qozongan. Biroq bu rasmiy oʻyinning taqdirini belgilab berolmasligi uchrashuvda taʼkidlandi.

 

“U uchrashuv Osiyo Kubogi oldidan tashkil etilgani uchun ikki jamoa ham koʻproq jismoniy holatini yaxshilashga harakat qilgandi. Dekabr oyidagi bahs oʻrtoqlik uchrashuvi edi, ertaga esa bizni rasmiy oʻyin kutib turibdi. Hozirgi bahs Jahon chempionati yoʻllanmasi uchun boʻladi. Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi ham oʻrtoqlik va rasmiy uchrashuvlarga boshqacha tayyorgarlik koʻrishi aniq”, degan Katanes.

 

Eslatma! Qirgʻiziston terma jamoasi JCh-2026 3-saralash bosqichi 1-tur bahsida Eronga qarshi kurash olib borgan va 1:0 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.

 

Taʼkidlash lozim, ertangi bahsda Oʻzbekiston terma jamoasi toʻliq koʻk libosda, darvozabon esa yashil libosda harakat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//