Avtomobillarni tozalash tabiatga “qimmatga tushishi” mumkin

Saqlash
15:52 / 06.09.2024 1525 0

Oʻzimizga tegishli buyumlarni ozoda saqlash yaxshi. Lekin bu tabiatga zarar yetishi evaziga boʻlmasligi kerak. Masalan, avtomobillarning faol kimyoviy vositalar yordamida yuvilishi ichimlik suviga va havoga qanday zarar yetkazishi mumkinligi haqida oʻylab koʻrganmisiz? OʻzRFA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti fan doktori Baxtiyor Abdugʻafur facebook sahifasida shu haqda yozdi.

 

“Moyka” muammosi

 

Mashina yuvish uchun “moyka”lar juda urf boʻldi. Ularda, odatda, faol kimyoviy vositalar (активная химия) ishlatiladi. Ushbu vositalar tarkibida, umumiy olinsa, anionli va kationli sirt faol moddalar (SFM), ETDA (kislotasi) tuzlari, natriy ishqori va turli boʻyoqlar mavjud. Asosiy moddalari anionli SMF hisoblanadi. Ayrim manbalarga koʻra, 15% gacha shunday birikmalar qoʻshiladi. Anionli SFM kimyoviy jihatdan oʻta faol hisoblanadi. Qiyin eruvchan yogʻlarni ham eritadi. “Moyka”ga boradiganlar sezgan, lekin eʼtibor bermagan bir narsa: faol kimyoviy vosita sepayotganingizda nafas olishingiz qiyinlashadi. Bu anionli SFMning taʼsiridir.

Bu moddalar gipoksiya — nafas olishni qiyinlashtiradi. Tez-tez mashina yuvadiganlar bora-bora toʻliq nafas olishga qiynaladi. Yuqoridagi vositalar allergiya chaqiradi. Buyrak va jigar kabi muhim aʼzolarga taʼsir etadi. “Moyka”dan chiqqan suv qayoqqa ketadi? Uning nazorati bormi? Bu savolga men javob bera olmayman. Hozir nafaqat shaharlarda, balki tuman va qishloqlarda koʻpaymoqda. Bu joylarda oqar suvlar “moyka”larning “faol kimyo”sidan himoyalangan emas. Har kuni tonna-tonna zaharli oqava oqiziladi, qayoqqa oqayotgani, tabiiy manbalar — ekotizimga taʼsiri ilmiy tahlil etilgan emas.

“Moyka”lardagi kimyoviy vositalarga qanday asosda ruxsat berilgan, bilmayman. Tuproqlarimiz zaharlangan deb sobiq Ittifoqni qoralaymiz, yomonlaymiz, lekin hozirgi bu ishimizga qanday baho beramiz? Men “moyka”larga qarshi emasman, lekin kimyoviy vositlarni cheklash kerak! Bu vositalardan hech kim himoyalangan emas. Sababini yuqorida keltirdim: uning oqavasi baribir aylanib-aylanib ichimlik suviga qoʻshiladi! Oqava suv bugʻlanib havoga singib ketishi mumkin, lekin uning tarkibidagi hamma modda tuproqda qoladi, boshqa suv manbasi baribir uni “topib” oladi. Balki bizda hali maishiy-kimyoviy vositalar haqida qonunchilik yoʻqdir, bundan xabarim yoʻq, agar boʻlmasa, qonunchiligini ishlab chiqish vaqti yetgan. Onkologik kasalliklar koʻpayib ketganini koʻp gapiramiz. Unutmaslik kerakki, bu kasallikning eng asosiy manbasi — maishiy kimyoviy vositalar! “Moyka”ning moddalari, oshxonangizdagi yuvish vositalari!

Umid qilamanki, fikrim mutasaddilarga yetib boradi va masala ijobiy yechim topadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//