Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi

Saqlash
22:13 / 04.09.2024 943 0

Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

 

Taqdimotda maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar koʻrib chiqilgan.

 

Jumladan, qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning boʻsh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻcha qurishga ruxsat berilishi mumkin.

 

Shuningdek, endi barcha oʻquv-metodik materiallar hamda dasturlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining veb-saytida joylashtiriladi. Undan foydalanish esa bepul boʻladi.

 

Ilgʻor xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiyaga yoʻnaltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qoʻyilmoqda.

 

Shu bilan birga, bogʻchalardagi pedagoglar malakasini oshirishni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oraligʻida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini oʻtkazish moʻljallanmoqda. Bundan tashqari, ushbu yoʻnalishdagi oliy taʼlimda dual taʼlim shaklini ochish, sirtqi va kechki oʻquvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.

 

Taqdimotda iqtidorli yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari ham muhokama qilingan.

 

Xususan, endilikda ularni puxta tayyorlab, natijadorlikni oshirish uchun xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5-8-sinflardan boshlab saralab olish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Har bir fan boʻyicha oʻquv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar va qoʻllanmalar takomillashtirilib, oʻquvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi. Xorijiy jamoalar bilan qoʻshma yigʻinlar oʻtkaziladi.

 

Maʼlumot uchun, bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Bundan keyin mukofotlanadigan olimpiadalar soni ham 28 taga oshiriladigan boʻldi. Respublika va xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va terma jamoa rahbarlariga toʻlanadigan pul mukofotlari hamda sovgʻalar ham daromad soligʻidan ozod etiladi.

 

Davlat rahbari takliflarni yanada sinchiklab oʻrganib, har tomonlama takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//