Farg‘onalik Nabiyevlar oilasi mehribonlik uyidan olti nafar bola asrab oldi

Saqlash
21:12 / 17.08.2021 1782 0

Yaqinda farg‘onalik Nabiyevlar oilasi mehribonlik uyidan olti nafar chin yetim bolalarni qaramog‘iga oldi. Ularning to‘rt nafar farzandi endi o‘ntaga yetdi.

Ushbu xabarni o‘qib, jahon urushi davrida insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan oila, turli millatning qarovsiz va yetim qolgan bolalarni farzandlikka olib, ta’lim-tarbiya bergan Shomahmudovlar oilasi ko‘z oldingizga kelishi shubhasiz. Murakkab pandemiya sharoitida dunyoda ko‘plab bolalar yetim qolayotgan bir paytda Nabiyevlar oilasining ko‘rsatgan bu jasorati ham ayni shunday yuksak insonparvarlikka misol bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 9-avgustda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylari (o‘quv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirildi.

Shunga ko‘ra, Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyidan tegishli tartibda 6 nafar bolani qaramog‘iga olgan Farg‘ona tumani “Cheksho‘ra” MFYda istiqomat qiluvchi Nabijon Valiyevlar oilasini atroflicha o‘rgangach, oila sharoiti barcha talablarga javob berishi ma’lum bo‘ldi. Nabijon Valiyev ko‘p bolalik oilada voyaga yetgan, tadbirkor, turmush o‘rtog‘i Ziyodaxon Valiyeva esa Farg‘ona shahridagi 4-umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

Oila uch yildan beri farzand asrab olish uchun tegishli idoralarga murojaat qilib, natija ololmagan. Muammoni Milliy gvardiyaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shavkat Akbarov ijobiy hal qilib berdi.

Xabarda aytilishicha, bolalar oilaga berilganidan so‘ng o‘z holiga tashlab qo‘yilmagan, Milliy gvardiya va viloyat hokimligi mas’ullari ulardan xabar olib, suhbatlar tashkil etmoqda. Shuningdek, ularni o‘qishlari uchun sharoitlar yaratib berishga ko‘maklashilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//