Jamiyat
Dori tarkibli mahsulotlarni biologik faol qoʻshimcha sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgani aniqlandi, deb xabar berdi Raqobat qoʻmitasi.
Maʼlum boʻlishicha, dori preparatlarini roʻyxatdan oʻtkazish talablari qiyinlashganligi sababli hozirda dori vositalarini bunday yoʻl bilan sotuvga chiqarilishi holatlari uchramoqda. Yaʼni, ishlab chiqaruvchilar dorini preparat sifatida emas, BFQ (biologik faol qoʻshimcha) sifatida roʻyxatga oʻtkazmoqda.
Jumladan, “Joʻrabek laboratories” MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan “OРСА” dori vositasi boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan BFQ sifatida roʻyxatga olingani ochiqlangan. Taʼkidlanishicha, BFQ deya bozorga oʻtkazilayotgan bunday mahsulotlarining barchasiga Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi Ekspert komissiyasining tegishli qarorlariga muvofiq, biologik faol qoʻshimchasiga (BFQ) ruxsatnomalar berilgan.
Xabarda yozilishicha, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi jalb etilgan holda holat yuzasidan oʻrganish oʻtkazilgan.
Yakunda “KIFTI-OB DORI DARMON” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “KIFTI” ORSA nomli BFQ mahsuloti haqiqatan ham dori vositasi tarkibiga mos kelishi aniqlangan va mahsulotni oʻrnatilgan tartibda dori vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish tavsiya etilgan.
Shuningdek, quyidagi BFQ sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan mahsulotlar yoʻriqnomalarida ham dori vositasiga xos boʻlgan xususiyatlar, yaʼni turli kasalliklarni davolash va oldini olish uchun qoʻllanishi xususida notoʻgʻri maʼlumotlar keltirilgan:
▪️ “ORS” – “MALIKA LABORATORIES” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan;
▪️ “ORSI MAX” – “HVARA” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan;
▪️ “ORSASOL” – “VITALLY” XK tomonidan ishlab chiqarilgan;
▪️ “FITA ORSA” – “MADINA FARM MED” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan.
Shundan soʻng vakolatli organ tomonidan yuqoridagi ishlab chiqaruvchilarga bir qator choralar qoʻllanilishi belgilagan.
Xususan:
🔻 aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ishlab chiqarishni toʻxtatish;
🔻 BFQ mahsulotini barcha savdo tarmoqlaridan qaytarib olish va bu haqda vakolatli organga axborot berish;
🔻 korxonalar tomonidan olingan ruxsatnomalarni qonunda belgilangan tartibda Sanepidqoʻmitaga qaytarish.
Endilikda Raqobat qoʻmitasi tomonidan vakolatli organlar jalb etilgan holda ishlab chiqaruvchilarga javobgarlik masalasini koʻrish hamda ushbu yoʻnalishdagi tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q