Kreditdan qarzi bor fuqarolar xorijga chiqa olmaydimi?

Saqlash
16:13 / 26.08.2024 829 0

Bank bilan fuqaro oʻrtasidagi munosabatlarning barchasi fuqarolik-huquqiy shartnoma hisoblangan kredit shartnomasi bilan tartibga solinadi.

 

Markaziy bank matbuot kotibi Akmal Nazarovning maʼlum qilishicha, bank bilan fuqaro oʻrtasidagi shartnomada fuqaroning xorijiy davlatga chiqishiga cheklov oʻrnatadigan hech bir qoidalar mavjud emas. Agar cheklov boʻlgan taqdirda ham bu noqonuniy hisoblanadi.

 

Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga asosan, har kim Oʻzbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega.

 

Yaʼni, fuqaroning xorijga chiqish huquqi kredit shartnomasida cheklanishi Konstitutsiyaning mazkur moddasiga zid hisoblanadi.

 

Biroq mazkur masalada istisno holatlar ham mavjud.

 

Rasmiyning soʻzlariga koʻra, baʼzi hollarda qarzdorning xorijga chiqishi cheklanishini mumkin. Bunda kredit olgan fuqaro qarzlarini vaqtida toʻlamagan va ishi MIBga chiqqan boʻlsa, uning xorijga chiqish huquqi vaqtincha cheklanadi.

 

Jumladan, sud va boshqa organ hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonunga asosan, sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi (MIB) undiruvchining arizasi boʻyicha (masalan, bank) yoki oʻz tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli.

 

Shu hisobda, agar istisno hollar boʻlmasa, bankdan kredit olgan fuqaroning xorijga chiqish huquqi cheklanmaydi. Faqat sud organlarining qarori bilangina fuqaroning xorijga chiqishiga cheklov qoʻyilishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//