Endi talabalarga “makler” xizmati kerak boʻlmaydi

Saqlash
00:02 / 20.08.2024 2627 0

Bugun, 19-avgust kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi jurnalistlar uchun press-tur tashkil qildi.

 

Bundan koʻzlangan maqsad 2024/2025-oʻquv yilida talabalarning turar joy bilan taʼminlanishidagi yengillikni ommaga koʻrsatishdir.

 

Taʼkidlanishicha, endilikda talaba turar joy qidirib sarson boʻlmaydi. Sababi, joriy yilning 1-avgustidan 10-sentyabrigacha boʻlgan muddat oraligʻida mazkur masalani hal etish uchun “dolzarb qirq kunlik” tadbirlari eʼlon qilingan boʻlib, bunda 15 avgustdan boshlab barcha oliy taʼlim muassasasining asosiy binolari hamda talabalar turar joylariga kirish qismlarida (kamida 4 ta joyida) “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam koʻrsatish markazlari (infokiosklar)” tashkil etiladi.

 

 

Ushbu infokiosklar orqali esa ijara xonadonlari bazasi shakllantiriladi va talabalar guruh tyutorlari nazoratida ijara xonadonlariga joylashtiriladi. Eng asosiysi esa, bu bilan talaba uy topishdagi vositachilik haqidan xalos boʻladi.

 

 

Maʼlumot uchun, 2023-yil yakuniga qadar talabalarni turar joy bilan taʼminlash darajasi 54 foizga yetkazilgan.

 

Bundan tashqari, xonadonlarda joylashgan talabalarga ijara haqi uchun davlat tomonidan moddiy yordam berilishi ham sir emas. Bunda Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida toʻlanadi.

 

Shuningdek, yana bir yangilik. Endilikda talabalar yotoqxonasi tadbirkorlar koʻmagi bilan ham qurib boriladi.

 

 

Belgilangan hududda tadbirkor vazirlik tasdiqlagan eskiz asosida yotoqxona binosini oʻz mablagʻiga asoslanib quradi. Bu vaqt oraligʻida qurilish binosi toki bitgunicha nazorat qilib boriladi, yaʼni sifat nazoratidan oʻtadi.

 

 

Shundan soʻng foydalanishga topshirilgan bino tadbirkor hisobidan chiqib ketmaydi. U binoning 20 yillik egasi hisoblanadi. Yaʼni, tadbirkor mazkur binoga 20 yil egalik qiladi. Ana shu vaqt mobaynida binoda turgan talabalar tadbirkor hisobiga pul oʻtkazadi.

 

Bunda mablagʻ vazirlik belgilagan summadan oshmaydi, yaʼni taxminan oyiga 300 ming soʻm. Qolgan toʻlov davlat byudjetidan ajratiladi. Bunda summa BHMning 2 barobari miqdorida (680 ming soʻm) boʻladi.

 

Shu hisobda, tadbirkor talaba va davlat tomonidan berilgan pul orqali binoga sarflagan xarajatini chiqarib oladi.

 

 

20 yil davomida mazkur qiymatdagi toʻlovlarni qabul qilgan tadbirkor belgilangan davr tugagach binoni davlat hisobiga oʻtkazadi. Yaʼni, bino davlat balansiga oʻtadi.

 

Bu orqali tadbirkor ham, talaba ham, shuningdek, davlat ham birdek manfaatdor boʻladi.

 

 

Maʼlumot oʻrnida, umumiy roʻyxatdagi talabalar uchun talabalar turar joyidagi oʻrinlar quyidagicha taqsimlanadi:

1-kurs talabalari uchun — 55–65 foizi;

2-kurs talabalari uchun — 15–20 foizi;

3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun — 20–25 foizgacha ajratiladi.

 

Yuqoridagi oʻrinlar imtiyozga ega talabalardan ortgandan soʻnggina koʻrsatilgan tarzda taqsimlanadi.

 

Quyidagi talabalar yotoqxona bilan taʼminlanishda ustunlikka ega:

 

▪️ “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;

 

▪️ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;

 

▪️ I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;

 

▪️  bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;

 

▪️ xalqaro fan olimpiadalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;

 

▪️ “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan talabalar;

 

▪️ oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;

 

▪️ talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//