Sobiq vazir Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari boʻyicha ayblanmoqda

Saqlash
14:53 / 13.08.2024 899 0

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudi sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan ochilgan jinoyat ishini 15-avgust kuni koʻrib chiqishni boshlaydi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Aziz Voitov Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari boʻyicha ayblanmoqda:

 

▪️ 167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari (Juda koʻp miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish);

▪️ 205-modda 2-qismi “a” bandi (Juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish);

▪️ 206-moddasi 2-qismining “a” bandi (Juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);

▪️ 209-moddasi 2-qismining “a” bandi (Mansab soxtakorligi).

 

Maʼlumot uchun, Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktyabriga qadar qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan. U 2023-yilning dekabrida hibsga olingan.

 

Shuningdek, ushbu jinoiy ishda 2 nafar tadbirkor – Orzubek Otabayevich Rajabov va Alisher Fazlitdinovich Urinbayevga ham ayblov eʼlon qilingan.

 

Jumladan, turar joy boʻlmagan binolar qurish bilan shugʻullanuvchi Toshkentdagi “Beltepa Master Stroy” MCHJ taʼsischisi Orzubek Rajabov Jinoyat kodeksining quyidagi moddali bilan ayblanmoqda:

▪️ 167-modda 3-qismi “a” bandi (Juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish);

▪️ 189-moddaning 1-qismi (Tovarlar savdosi yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini juda koʻp miqdordagi qiymatda buzish);

▪️ 209-moddaning 1-qismi (Mansab soxtakorligi);

▪️ 211-moddaning 1-qismi (Pora berish);

▪️ 228-modda 2-qismi “a” va “b” bandlari (Takroran yoki xavfli residivist tomonidan yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);

▪️ 228-moddaning 3-qismi (Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish).

 

Toshkentdagi “Lanell Group” (toʻqimachilik sanoati uchun xomashyo) va “Rainbow-Teks” (paxta tolasini tayyorlash va yigiruv) kompaniyalarining asoschisi Alisher Urinbayevga nisbatan esa quyidagi modda bilan jinoyat ishi koʻrib chiqiladi:

▪️ Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//