Madaniyat
Kuni kecha Andijon viloyatining Baliqchi tumanida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalqimizning sevimli shoiri Shukur Qurbon tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlanib adabiyot bayramlari o‘tkazildi.
Poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar va viloyat ijodkorlari dastavval tumandagi shoir o‘qigan 1-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdilar. Maktab hayoti bilan tanishilgach, o‘quvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Maktab yoshlari, o‘qituvchilar shoir she’rlaridan namunalar o‘qidilar.
Uchrashuv davomida Shukur Qurbon ijodkor o‘quvchilarga mahorat darsi o‘tdi va maktab kutubxonasiga, yoshlarga kitoblar sovg‘a qildi. Shoirga hamrohlik qilgan adiblar Xurshida Vahobjon qizi, Farid Usmon, poytaxtlik ijodkorlar Shuhrat Orif, Javlon Jovliyev Shukur Qurbon ijodining o‘ziga xosligi, uning xalq mulkiga aylanib ketgan mashhur she’rlari, g‘azallari haqida so‘zladilar.
Kunning ikkinchi yarmida tuman hokimligining katta majlislar zalida shoirning ijodiy kechasi tantanali tarzda o‘tkazildi. Milliy kuy-ohanglar sadolari ostida kutib olingan mehmonlar tashkil etilgan kitoblar, rasmlar ko‘rgazmalari, tuman tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar namoyishi bilan tanishdilar.
Anjumanni tuman hokimi Jasurbek Abduraimov kirish so‘zi bilan ochdi hamda Baliqchi farzandi bo‘lgan shoir Shukur Qurbonning betakror, o‘ziga xos ijodiga to‘xtaldi. Shoirga tuman ahli nomidan esdalik sovg‘alar taqdim etildi.
Yoshlar shoir she’rlaridan yod o‘qidilar. Qo‘shiqlar raqslarga ulandi. Ayniqsa, shoirning “Shaytanat” filmi orqali barchaga yod bo‘lib ketgan “Chiqdi yo‘ldan” radifli g‘azali bilan yangragan qo‘shiq, doirachi bolalarning chiqishlari barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q