Turkiyada Telegram bloklanishi mumkin

Saqlash
16:11 / 12.08.2024 949 0

Jamiyatga salbiy kontentlarni targʻib qiluvchi kanallar olib tashlanmasa, Turkiyada Telegram bloklanishi mumkin.

 

Maʼlum boʻlishicha, Turkiya axborot texnologiyalari va aloqa boshqarmasi (BTK) allaqachon Telegram'da noqonuniy kontent mavjudligi haqida mingdan ortiq ogohlantirish bergan, biroq uni messenjer boshqaruvidan chetlashtirish boʻyicha hech qanday chora koʻrilmagan. Gap, asosan, giyohvand moddalar sotiladigan kanallar, shuningdek, qimor oʻyinlari, fohishalik va pedofiliya targʻiboti haqida ketmoqda.

 

Xabarda aytilishicha, WhatsApp va Snapchat kabi Turkiyada keng qoʻllaniladigan xabar almashish dasturlari orasida boʻlgan Telegram jinoyat botqogʻiga aylangan. Platformada ochilgan kanallar orqali giyohvand moddalar sotiladi, fohishalik, qimor va pedofiliyaga oid video savdosi ham erkin amalga oshiriladi.

 

“Turkiyada hech qanday vakili boʻlmagan Telegram qisqa vaqt ichida ushbu kanallarga nisbatan ehtiyot choralarini koʻrmasa, Instagram kabi yopilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

 

Taʼkidlanishicha, Telegram'da ochilgan ayrim kanallarda fuqarolar giyohvand moddalar xarid qilmoqda. Jumladan, “Giyohvandlar” deb nomlangan kanalda 19 mingga yaqin obunachi borligi aniqlangan. Bunday jinoiy kanallarning maʼmurlari yangi aʼzolarni toʻlov yoki maʼlumotnoma bilan qabul qilgani aytilar ekan, kanallarda pul evaziga har xil dori vositalari sotilayotgani koʻrinib turibdi.

 

Maʼlumotnomaga ega boʻlganlarga qoʻlda yetkazib berish va naqd pulda sotib olish, maʼlumotnomasi boʻlmaganlarga esa oʻz eshigigacha yetkazish imkoniyati taqdim etiladi. Xizmat va mahsulot haqi esa elektron amalga oshiriladi.

 

“Bunday kanallarning obunachilari va kanal menejerlari haqidagi maʼlumotlarni BTK yoki politsiya boʻlinmalari bilan baham koʻrmaydigan Telegram jinoyatda vositachilik qilayotgani taʼkidlandi”, deb yoziladi xabarda.

 

Maʼlumot uchun, mamlakatda 8 millionga yaqin fuqaro Telegram'dan foydalanadi. Turkiya bu koʻrsatgich bilan dunyoda oʻninchi oʻrinni egallaydi.

 

Taʼkidlash lozim, oldinroq turk hukumati Instagram'ga ham blok qoʻygan edi. Bunga “Hamas” siyosiy byurosining marhum rahbari Ismoil Haniya bilan bogʻliq kontent olib tashlanganligi sabab boʻlgan. Hozirda esa mamlakatda ushbu platforma qayta ishga tushirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//