“126 ming nafar oliy ta’lim bitiruvchisi hali ish topolgani yo‘q” – Behzod Musayev

Saqlash
15:01 / 09.08.2024 1413 0

2023/2024-yilgi oliy taʼlim bitiruvchilarining 59 foizi yoki 126 ming nafari hali ish topolmagani aniqlandi. Ushbu maʼlumotni Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida taqdim qildi.

 

Vazirning taʼkidlashicha, bu yilgi bitiruvchilarning umumiy soni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligidan olinib, bandlikka oid maʼlumotlar bazasi bilan solishtirilgan.

 

Hisobotga koʻra, 2023/2024-yilgi oliy taʼlim bitiruvchilarining jami soni 214 ming nafar. Shundan 41 foizi yoki 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilingan. Qolgan 59 foizi yoki 126 ming nafar yangi kadrlar ishsiz yuribdi.

 

Musayevning aytishicha, ishga joylashmagan yoshlarning muammosini hal qilish uchun avgust-sentabr oylarida tizim tashkilotlari bilan birgalikda chora-tadbirlar koʻriladi.

 

“Bugungi kunda milliy vakansiyalar bazasida 358 ming boʻsh ish oʻrinlaridan oliy maʼlumot talab qilinadigan boʻsh ish oʻrinlari 112 mingtani tashkil etmoqda. Ishsiz bitiruvchilarning tamomlagan soha-yoʻnalishlari boʻyicha boʻsh ish oʻrinlariga mos kelishini solishtirib chiqdik, tahlil qildik.

 

[Shunga koʻra] 95 ming nafar bitiruvchilarni 102 mingta boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlangan. Hozirgi kunda biz har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida oʻzi turadigan joyiga qarab, avgust oyida ularni ishga joylashtirish boʻyicha nomma-nom ish olib boramiz”, – degan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri.

 

Xabarda yozilishicha, bugungi kunda yagona milliy mehnat tizimi orqali vakansiyalar bazasida 139 ming korxona va tashkilotlar 358 mingta boʻsh ish joyi boʻyicha maʼlumot joylagan. Shundan 81 mingtasi davlat tashkilotlari, qolgan 277 mingtasi esa xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi.

 

Boʻsh ish oʻrinlarining sohalar boʻyicha taqsimoti:

▪️ xizmat koʻrsatish – 96 mingta;

▪️ taʼlim – 56 mingta;

▪️ sanoat va ishlab chiqarish – 57 mingta;

▪️ qishloq xoʻjaligi – 48 mingta;

▪️ sogʻliqni saqlash – 26 mingta;

▪️ qurilish – 32 mingta;

▪️ moliya va sugʻurta – 5 mingta;

▪️ aloqa va axborot texnologiyalari – 7 mingta;

▪️madaniyat va boshqa sohalar – 4 mingta.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//