Sport
Foto: 24.kg
Parij-2024 yozgi Olimpia oʻyinlari doirasida oʻtkazilgan boks bahslarida qirgʻizistonlik atletga oʻzbekistonlik murabbiy sekundantlik qilganidan xabaringiz bor.
Akmal Hasanov qardoshiga yordam bergani va ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona muhitni yanada yaxshilashga hissa qoʻshgani uchun Qirgʻiziston Respublikasining xalqaro jamoat birlashmasi tomonidan “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlandi.
“Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi” xalqaro jamoat birlashmasi bosh kotibi Assol Moldokmatovaning taʼkidlashicha, oʻzbekistonlik murabbiyni insonparvarlik, bagʻrikenglik va xalq diplomatiyasining yuksak saviyasi uchun mukofotlash toʻgʻrisidagi qaror 5-avgust kuni qabul qilingan.
“Akmalga insoniyligi, birodarlik munosabati uchun rahmat. Biz buni qadrlaymiz, hurmat qilamiz va olqishlaymiz. (Mamlakatga) tashrifingizni intiqlik bilan kutamiz. Siz barcha maqtov va mukofotlarga loyiqsiz”, — deydi u.
Maʼlumot uchun, bokschi Munarbek Seyitbek oʻgʻli 4-avgust kuni amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini oʻtkazgan va unda gʻalaba qozonib, Qirgʻiziston tarixida ilk bor Olimpiada yarim finaliga chiqqan qirgʻiz atleti boʻlgan edi. Mazkur jangda esa Akmal Hasanov uning ikkinchi murabbiy sifatida harakat qilgan.
Xabarlarga koʻra, Akmal Hasanovning oʻzi ham Oʻzbekistondagi yigʻinga tez-tez kelib, oʻzbekistonlik sportchilar bilan mashgʻulot oʻtkazgan Munarbek Seyitbek oʻgʻlini yaxshi tanishini aytgan.
“U mendan yordam berishimni iltimos qildi. Qoʻshni davlatlarimiz doʻstona munosabatlarga ega ekan, biz unga yordam berishdan xursand boʻldik. U tarixga kirdi va Qirgʻiziston tarixidagi boks boʻyicha birinchi Olimpiada sovrindori boʻldi”, — degan oʻzbekistonlik murabbiy OAVga bergan intervyusida.
Hasanovning soʻzlariga koʻra, u qirgʻizistonlik bokschiga raqiblarni tahlil qilish va mashgʻulot oʻtkazishda yordam bergan.
Eslatib oʻtamiz, Munarbek Seyitbek oʻgʻli 9-avgustga oʻtar kechasi bolgariyalik Xaver Ibanesga qarshi yarim final jangini oʻtkazadi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q