“Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

Saqlash
10:22 / 20.05.2026 24 0

O‘zbekistonda soliq tizimini isloh qilishga oid Prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, Soliq oliy maktabi va yangi ko‘krak nishoni tashkil etiladi, bir qator majburiyatlar bekor qilinadi.

 

Hujjatga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha soliq hisoboti bekor qilinadi. Mazkur yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida soliq idoralarining o‘zlari tomonidan hisoblab chiqiladi.

 

Shuningdek, ipoteka imtiyozlari proaktiv shaklda qo‘llanadi. Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari avtomatik (proaktiv) tarzda rasmiylashtiriladi. Imtiyoz qo‘llanishi natijasida yuzaga kelgan ortiqcha mablag‘ summasi fuqaroning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytarib beriladi.

 

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab yirik tadbirkorlik subyektlari va banklarni tasniflash tizimi o‘zgaradi. Unga ko‘ra, avvalgi yilning 1-iyul holatiga ko‘ra ketma-ket keladigan oxirgi 12 oylik davrda to‘lagan soliqlari, yig‘imlari, davlat bojlari va soliq bo‘lmagan to‘lovlari hajmi BHMning 500 ming baravaridan ortiq bo‘lgan korxonalar va tijorat banklari o‘ta yirik soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.

 

Sohada zamonaviy bilimga ega mutaxassislar bazasini yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etiladi. Mazkur oliy ta’lim muassasasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.

 

Soliq sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan hamda tizim rivojiga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni taqdirlash maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//