Parij-2024. Bugun Oʻzbekiston delegatsiyasi yana bir oltinni qoʻlga kiritishi mumkin

Saqlash
15:49 / 08.08.2024 1358 0

Bundan tashqari badiiy gimnastika, zamonaviy beshkurash, erkin kurash kabi yoʻnalishlarda ham oʻzbekistonlik sportchilar bahslarga kirishadi.

 

8-avgust kuni, Parij olimpiadasining 13-kunida Oʻzbekistondan sakkiz nafar sportchi baydarka va kanoyeda eshkak eshish, boks, zamonaviy beshkurash, tekvondo va badiiy gimnastika boʻyicha musobaqalarda ishtirok etadi.

 

Badiiy gimnastika

 

Soat 13:00 da Osiyoning koʻp karra chempion va Osiyo oʻyinlarining ikki karra chempioni, 20 yoshli Taxmina Ikromova koʻpkurash boʻyicha dasturda chiqish qiladi.

 

Taekvondo

 

Soat 13:35 da Tokioda Oʻzbekiston tarixidagi eng yosh olimpiya chempioni boʻlgan, jahon chempionatida bronza medalni qoʻlga kiritgan 22 yoshli Ulugʻbek Rashitov -68 kg vazn toifasida 1/8 finalda ishtirok etadi. Uning ilk raqibi kim boʻlishi hozircha aniq emas.

 

Kanoye

 

Soat 13:50 da 2017-yilgi Osiyo chempioni, 2019-yilgi jahon chempionati va 2023-yilgi Osiyo oʻyinlarida bronza medali sohibi boʻlgan, 27 yoshli Nilufar Zokirova 200 metr masofadagi bahslarda ishtirok etadi. Saralashda unga Kanada, Nigeriya, Ispaniya, Senegal, Rossiya va Moldovadan kelgan sportchilar raqiblik qiladi.

 

Parijdagi Olimpiada uning faoliyatidagi ikkinchisi boʻlmoqda.

 

Erkin kurash

 

Soat 14:35 da 2017-yildan buyon xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston nomidan ishtirok etib kelayotgan 27 yoshli dogʻistonlik atlet Jabrail Shapiyev (-86 kg) 23 yoshli gurjistonlik Vladimir Gamkrelidzega qarshi gilamga chiqadi, bu raqib jahon vitse-chempioni va Yevropa chempionati bronza medali sohibidir.

 

Shapiyev esa Osiyo vitse-chempioni va Osiyo oʻyinlari bronza medali sohibi hisoblanadi, u Tokiodagi oʻyinlarda beshinchi oʻrinni egallagan.

 

Soat 14:56 da 1/8 finalda 25 yoshli Gʻulomjon Abdullayev (-57 kg) ozarboyjonlik Yevropa chempioni (2023), yoshlar oʻrtasida jahon chempioni (2021) Aliabbos Rizazodaga qarshi gilamga chiqadi.

 

Zamonaviy beshkurash

 

Soat 17:30 da 34 yoshli Alise Faxrutdinova beshkurash boʻyicha saralash bosqichida (konkur, qilichbozlik, oʻq otish, yugurish, suzish) ishtirokini boshlaydi.

 

Alise Faxrutdinova 1990-yilda Moskvada tugʻilgan. 2019-yildan buyon xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston sharafini himoya qilib keladi. U joriy yilda Osiyo chempionatida mikst dasturida bronza medalni qoʻlga kiritgan. Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi sanaladi.

 

Boks

 

9-avgustga oʻtar kechasi (soat 00:30) Oʻzbekistonning olimpiadadagi bayroqdori, 24 yoshli Abdumalik Halokov (-60 kg) yarimfinalda avstraliyalik 22 yoshli Charli Senyorga qarshi ringga koʻtariladi. Halokov jahon, Osiyo va Osiyo oʻyinlari chempioni sanaladi, uning raqibi Tinch okeani oʻyinlarida chempion boʻlgan.

 

Soat 1:34 da esa 2016-yilgi Olimpiada chempioni, jahon chempioni, uch karra Osiyo chempioni Hasanboy Doʻsmatov (-51 kg) finalda fransiyalik 26 yoshli Bilol Bennama bilan jangini boshlaydi. Fransiyalik bokschi jahon chempionatlarida ikki karra bronza sohibi, Yevropa oʻyinlari chempioni, Yevropa chempioni sanaladi. Doʻsmatov oʻtgan yili Toshkentdagi jahon chempionatida ushbu raqibni nokautga uchratgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//