Jamiyat
1-avgustdan eʼtiboran metan gazni sotishda chegara narxni olib tashlashga qaror qilindi. Endilikda avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalaridagi narxni bozor belgilaydi.
Vazirlik tadbirkorlarga narx belgilashda bunday erkinlik berish “xohlagan ishni qilish imkoniyatini” anglatmasligini taʼkidlaydi.
“Sotib olinadigan tabiiy gaz narxi va soliqlar stavkalari qatʼiy belgilanganligi hamda boshqa saqlash xarajatlarida sezilarli oʻzgarishlar kutilmayotganligini inobatga olib, 1-avgustdan keyin avtomobillar uchun gaz narxi keskin oshishiga yetarli asoslar mavjud emas, deb hisoblaymiz”, deyiladi vazirlik maʼlumotida.
Maʼlum boʻlishicha, endilikda “gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik bosh masala boʻladi”.
Buning uchun esa Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Bosh prokuratura, “Oʻzenergoinspeksiya” hamda boshqa tegishli idoralar tomonidan metan gaz narxini barqarorlashtirish bilan bir qatorda, narxlarning asossiz oshirib yuborilishini oldini olish boʻyicha jiddiy nazorat olib boriladi.
Bundan tashqari, avgust oyining 7-sanasidan eʼtiboran “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan kuniga yana qoʻshimcha 100 tonnadan suyultirilgan gaz birja savdolariga qoʻyib borilishi belgilandi.
“Kelgusida suyultirilgan gaz mahsulotining sotilish narxlari barqarorligini taʼminlash maqsadida, birja savdolarida mahsulot sotib olish uchun tushayotgan talab hajmlaridan kelib chiqqan holda, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan birja savdolariga suyultirilgan gaz bir maromda qoʻyib boriladi”, deyiladi maʼlumotda.
Xabarda keltirilishicha, sotilayotgan yoqilgʻilarning narxlarini sunʼiy ravishda oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, mazkur tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ularga yoqilgʻi yetkazib berilishi toʻxtatiladi.
Bunda jamoatchilik nazorati birinchi oʻringa chiqadi. Yaʼni, metan gaz narxining asossiz ravishda oshirilishi holatlariga duch kelgan isteʼmolchi Raqobat qoʻmitasining 71-207-47-00, 71-207-48-00 yoki 1159 qisqa raqamiga, shuningdek, Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqami hamda “Oʻzenergoinspeksiya”ning 71-200-02-86 telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilishlari lozim. Shunda holat oʻrganiladi va huquqbuzar tadbirkorlik subyektiga nisbatan chora koʻriladi.
Shu bilan birga, xabarda bundan buyon gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari hududlari kuzatuv kameralari bilan jihozlanishi, avtomobil raqami orqali esa avtomobilga oʻrnatilgan gaz balloni sinovdan oʻtgan yoki oʻtmaganligi tekshirilib borishi haqida ham soʻz borgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q