Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimining qandaydir tadbirda “Mening gaplarimdan kavak qidirmalaring, qoʻllaringdan balo ham kelmaydi” deb gapirayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Videoga berilgan izohlarda hokim bu gapni jurnalistlarga qarata aytilgani taʼkidlangan.
Biroq Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Muslimbek Ibrohimov hokimning mazkur gapi jurnalistlarga emas, boshqa davrada, boshqa insonlarga qaratilib aytilganini maʼlum qildi.
“Hokimning bu gapi boshqa davrada, boshqa insonlarga qaratilgan edi. Tarmoqlarda tarqalayotgan videoda esa jurnalistlar aks etgan. Ushbu videoga ovoz qoʻyilgan va montaj qilingan. Bu ishni qilgan jurnalist xato qilganini tan olib, videoni oʻzidan oʻchirdi”, deya holatni tushuntiradi u.
Shunday boʻlsa-da, Ibrohimov mazkur video qaysi jurnalist tomonidan tarqatilgani, viloyat hokimining “mening gaplarimdan kavak qidirmalaring, qoʻllaringdan balo ham kelmaydi”, degan gapi aynan kimga qaratilganiga aniqlik kiritmagan. Bu haqida soʻragan jurnalistga esa maʼlumotni ochiqlashdan tiyilishini bildirgan.
Shuningdek, matbuot kotibi videodagi jurnalistlarning “Dunyo sadolari” festivaliga kiritilmayotgani haqidagi aybloviga ham javob bergan.
“Shu hududda festivalga kirish uchun mana shunday 6 ta kirish eshiklari tashkil qilingan. Biroq jurnalistlar oʻsha kuni tadbir avvalida aynan shu kirish joyiga kelgan va kiritishlarini talab qilgan. Milliy gvardiya xodimlari jurnalistlarga kirish eshiklari koʻpligini, aynan shu joydan xorijlik sanʼatkorning kirishi rejalashtirilganini, sanʼatkorning iltimosiga koʻra, jurnalistlar sanʼatkorning chiqishidan oldin uni bezovta qilmasligi uchun shu kirish joyi unga moʻljallanganini tushuntirgan. Shaxsan oʻzim bir qancha jurnalistni festivalga olib kirdim. OAV vakillarining hududga kirishiga toʻsiq boʻlganda, shuncha materiallar chiqarmidi?” deya izoh bergan Muslimbek Ibrohimov.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q