Jamiyat
Dehli shahridagi Humoyun Mirzo maqbarasi huzurida Boburiylar tarixiga bag‘ishlangan Butunjahon merosi muzeyi tashkil etildi.
Muzeyga ilk tamal toshi 2015-yilda Hindiston madaniyat va turizm vaziri va Aga Xan xalqaro jamg‘armasi rahbari tomonidan qo‘yilgan. O‘tgan qariyb 10 yil davomida muzey joylashgan Humoyun Mirzo maqbarasi atrofidagi deyarli 120 gektar maydonda ulkan bog‘ qad rostladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, buyuk ajdodimiz, davlat arbobi, shoir va faylasuf, mohir sarkarda va hukmdor Zahiriddin Muhammad Boburdan keyin Hindiston taxtiga o‘tirgan Humoyun Mirzo maqbarasini ziyorat qilish uchun bir yilda 3 millionga yaqin kishi keladi. Ularning salkam 300 ming nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi.
Maqbara joylashgan hududda tashkil etilgan ulkan bog‘ ichida Humoyun Mirzo, uning davlatchilik tarixi, undan avlodlarga qolgan ulkan tarixiy-madaniy meros hamda olim va shoir sifatidagi madaniyatparvar va sahovatpesha podshoh davriga bag‘ishlangan muzeyning tashkil etilishi esa Boburiylarning shonli tarixi, buyuk ajdodlarimizning Hindistonda qoldirgan bebaho merosini o‘rganishga ishtiyoqmand bo‘lganlar sonini yanada oshiradi.
Ushbu muzeyni tashkil etishga Hindiston Madaniyat va turizm vazirligi 60 ming AQSh dollari ajratdi. Shuningdek, loyihani moliyalashtirish uchun Aga Xan xalqaro jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar katta hissa qo‘shdi.
Muzeydan Hindiston Milliy muzeyi, Hindiston Arxeologiya tadqiqotlari qo‘mitasi va Aga Xan xalqaro madaniyat jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 500 dan ortiq noyob ashyolar joy olgan.
Ular orasida Boburiylar davridan yetib kelgan miniatyura san’ati namunalari va qo‘lyozma asarlar, Humoyun Mirzo maqbarasi va uning yon-atrofidagi hududga tegishli bo‘lgan arxitektura ashyolari, tilla va kumush tangalar, 15 asrga oid nujum ilmiga tegishli bo‘lgan globus va boshqa osori-atiqalar, 17-asrga oid temir buyumlar, oyna va matolar, qurol-aslaha, nayza va pichoqlar, sarkarda va jangchilarning zirhli kiyimlari, Humoyun Mirzo davriga tegishli hukmdor toji hamda so‘nggi Boburiy podshoh Bahodirshoh Zafar II o‘tirgan taxtiravon bor.
Ushbu tarix va ziyo maskanida temuriyzoda hukmdorlarga xos va mos ravishda buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek ishining hind zaminida davomchisi bo‘lgan Humoyun Mirzoning astronomiya va astrologiya ilmiga qiziqishi va ushbu sohaga doir alohida ko‘rgazmali zal tashkil etildi. Mazkur zalda o‘z davrida Samarqanddan taklif etilgan hunarmand ustalar tomonidan hukmdorga maxsus yasalgan astrolyabiya aslahalari, osmon va sayyoralar xaritasi, o‘rta asr globusi hamda tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega muhim artefaktlar namoyishga qo‘yilgan.
Ushbu muzeyni tashkil etilishdan asosiy maqsad Humoyun Mirzo yashab o‘tgan hayot yo‘li va Boburiylar sulolasiga tegishli bo‘lgan ulkan tarixiy-madaniy merosni boricha va zamonaviy talqinda namoyish etishdir.
Namoyishga qo‘yilgan artefaktlar Humoyun Mirzo davrida Janubiy Osiyodek katta mintaqadagi tarixiy o‘zaro bog‘liqlik, xususan, Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston o‘rtasidagi faol almashinuvlar hamda ular natijasida Dehlida vujudga kelgan arxitektura va shaharsozlikning eng yaxshi namunalarini o‘zida aks ettirgan. Muzey Aga Xan xalqaro jamg‘armasi tomonidan so‘nggi 25 yil davomida olib borilgan izlanish va tarixiy topilmalarning, jumladan, 60 ta noyob yodgorliklarning qayta tiklanishi va konservatsiya qilinishi natijasida yuzaga keldi.
Ekspozitsiyada Hindiston milliy muzeyi, Hindiston arxeologiya tadqiqotlari qo‘mitasi Agahan xalqaro madaniyat jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 500 dan noyob ortiq ko‘rgazmali ashyolar joy olgan. Ular nafaqat Boburiylar sulolasi Humoyun Mirzo davri, balki Temuriyzoda hukmdorlardan biri bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga ham oid. Muzeyga tashrif buyuruvchilar Humoyun Mirzoning hayot yo‘li, uning saroydagi kundalik turmush tarzi va davlatchilik rivojlantirishga oid asarlar, jangu-jadallarni aks ettiruvchi aslahalar va 3D shakldagi virtual xaritalarni ko‘zdan kechirishlari mumkin.
Muzey faoliyati keng ommaga Humoyun Mirzoning hayot yo‘li va Boburiylar sulolasiga tegishli bo‘lgan ulkan tarixiy madaniy merosni zamonaviy ko‘lamda namoyish etishga qaratilgan. Eksponatlar nafaqat hindistonlik balki butun dunyodan tashrif buyurgan sayyohlarga o‘sha davrning o‘ziga xos hususiyatlari va boburiylarning Hindiston tarixidagi o‘rnidan hikoya qiladi.
Muzeyning tashkil etilishi nafaqat Hindiston xalqi, balki Boburiylar davri va tarixini o‘rganishga qiziqish bildirayotgan barcha, jumladan o‘zbekistonliklar uchun ham juda muhimdir. Chunki, Boburiylar sulolasi asoschisi bo‘lgan Mirzo Boburning kelib chiqishi va uning ildizlari hozirgi O‘zbekiston zaminiga borib taqaladi.
Tashkilotchilarning fikricha, bu kabi ishlar Temuriylar vatani – Samarqand va Buxoro shaharlarida ham davom ettiriladi.
Ta’kidlash joiz, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi O‘zbekistonni Hindistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Bobur izidan” nomli yangi loyiha ustida ish olib bormoqda. Mazkur loyihada kelgusida Hindistonda Bobur faoliyatini yanada keng tatbiq qilish yuzasidan bir qancha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q