Oʻzbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi parlamenti Spikeri bilan uchrashdi

Saqlash
22:17 / 17.12.2021 860 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni Seul shahrida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashuv oʻtkazdi.

 

Suhbatda Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotgani, Prezidentimizning ushbu davlat tashrifi ularga yangi kuchli surʼat bagʻishlagani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Turli darajalarda, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik yoʻnalishida samarali siyosiy muloqot va aloqalar faol davom ettirilmoqda.

 

Oʻzbekiston-Koreya munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlararo “doʻstlik guruhlari” muhim oʻrin tutadi. Joriy yil iyun oyida ularning onlayn uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Davlat boshqaruvini isloh qilish, fuqarolik jamiyati, gender masalalari, taʼlim va hududlarni rivojlantirishga doir qonun ijodkorligi masalalarida tajriba almashilmoqda.

 

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan batafsil fikr almashildi.

 

Milliy Assambleya Spikeri Koreya tajriba almashishni kengaytirishga, jumladan, Oʻzbekistonda elektron parlament mexanizmlarini joriy qilishga koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Koreya parlamenti vakillari kelgusi yilda Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Jahon mamlakatlari parlamentlarining ayol spikerlari sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

 

Shuningdek, qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surishning yangi institutsional mexanizmlarini joriy qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

 

Tomonlar “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

 

Pak Byon Sok 2022-yilda tarixiy sanalar – diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi Oʻzbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini keng nishonlash boʻyicha tadbirlar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

 

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini taʼminlash muhim ekani qayd etildi. Ikki mamlakat parlamentlari vakillari bu borada bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishlarini taʼkidladilar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//