Oʻzbekistonda tomorqa yer egalariga 100 mln dollar miqdorida kredit ajratiladi

Saqlash
21:55 / 17.12.2021 1080 0

“Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. 

 

Qarorga koʻra, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi qarz mablagʻlari bosqichma-bosqich 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada yoʻnaltiriladi.

 

Shu asosda tomorqa yer egalariga:

 

qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qoʻy va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala doʻkonlari” qurish, artezian quduqlarini qazish;

 

kichik intensiv bogʻdorchilik, limonchilik va uzumchilik;

 

poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi.

 

2026-yil 1-yanvargacha:

 

tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 million soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda subsidiya beriladi;

 

suv taʼminoti ogʻir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻulash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va oʻrnatish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi amal qiladi.

 

Qarorga koʻra, 2022-yilda suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalarini sugʻorish uchun jami 113 ta tumanda 2 150 ta vertikal sugʻorish quduqlari ishga tushiriladi.

 

2022-yil 1-aprelgacha fuqarolar uchun moʻljallangan, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini marketpleys usulida sotishni yoʻlga qoʻyish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish boʻyicha onlayn maslahatlar koʻrsatuvchi maxsus platforma faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Platformaga ulanish va xizmatlardan foydalanish bepul boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//