Endi mijoz huquqini buzgan moliya tashkilotlari milliardlab so‘m jarima to‘lashi mumkin

Saqlash
12:49 / 07.05.2026 28 0

Markaziy bank boshqaruvining “Banklar va nobank kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Endi bank va mikromoliya tashkilotlari uchun mijoz huquqlarini buzish holatlariga nisbatan keskin choralar belgilanadi va jarimalar miqdori bir necha barobarga oshiriladi.

 

Markaziy banki tomonidan tasdiqlangan yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, banklar, mikromoliya tashkilotlari va boshqa moliyaviy institutlar uchun mijoz huquqlarini buzish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha aniq va qat’iy jarima tizimi joriy etildi. Eng muhimi, mijozni chalg‘itish yoki noto‘g‘ri ma’lumot berish holatlari uchun katta moliyaviy jazolar belgilandi.

 

Yangi qoidalarga muvofiq, kredit yoki omonat shartlari bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etmaslik, kreditning haqiqiy qiymatini yashirish yoki axborot varaqasini bermaslik holatlari uchun banklarga har bir holat bo‘yicha 3 mln so‘mdan jarima qo‘llanadi. Agar bunday holatlar ommaviy tus olsa, jarima bank kapitalining 0,01 foizigacha, lekin kamida 300 mln so‘mni tashkil etishi mumkin. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar uchun ham shunga yaqin miqdorlarda sanksiyalar belgilangan.

 

Shuningdek, xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni rasmiy saytda e’lon qilmaslik, shartnomalarni davlat tilida taqdim etmaslik yoki mijozga shartnoma nusxasini bermaslik kabi holatlar uchun ham alohida jarimalar joriy etildi. Ayniqsa, mijoz roziligisiz pul mablag‘larini boshqa hisobraqamga o‘tkazish eng og‘ir qoidabuzarlik sifatida baholanib, banklar uchun 2,5 mlrd so‘mgacha jarima qo‘llash imkoniyati nazarda tutilgan.

 

Yangi tartibda kredit byurolariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Noto‘g‘ri ma’lumot yuborish yoki kredit tarixi bo‘yicha xatolarga yo‘l qo‘yish holatlari uchun ham xuddi shu darajada jarimalar belgilangan. Shu bilan birga, mijoz murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik, bank sirini oshkor qilish va shartnomalarga mijoz huquqini cheklovchi bandlar kiritish kabi holatlar ham qat’iy jazolanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//