Mahrga avtomobil soʻrasa boʻladimi? Bunga kuyovning qurbi yetmasa-chi?

Saqlash
16:31 / 24.07.2024 1060 0

Mahr teng huquqli nikoh (zavoj) tuzilgan paytda xotiniga ajratib beradigan mulkdir. Mahr toʻlash esa shunday nikohning asosiy sharti boʻlib, nikoh munosabatlari uchun xotinga toʻlanadigan haq sifatida qaraladi.

 

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda mahr masalasiga oid muhokamalar avj olmoqda. Shularni hisobga olgan holda, Oyina.uz portali mahr boʻyicha berilgan savollarga diniy ulamolar tomonidan berilgan javoblarni keltirib oʻtadi.

 

Savol: Kelin kuyovdan toqati yetmaydigan narsa soʻrasa(masalan, avtomobil va hokazo), kuyov qanday yoʻl tutadi?

 

Javob: Bu kelin va kuyovning kelishuviga bogʻliq narsa. Ammo hadislarda katta mahrni soʻrovchi ayolda baraka boʻlmasligi zikr qilingan. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Nikoh uzugi mahrga oʻtadimi?

 

Javob: Mahrga oʻtadi. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Men ayolim bilan nikohlanayotganimda domla kelindan “kuyov mahrga nima bersin” deb soʻragan edi. Kelin “ikki xonali uy qurib bersin” degan edi. Men rozi boʻlgan edim. Lekin bir necha yildan beri oʻzimiz ijara uyda yashaymiz. Mahrda belgilangan uy qurib berishga imkon boʻlmadi. Men ayolimga mahrga uyni oʻrniga maʼlum miqdorda pul bersam boʻladimi?

 

Javob: Ayol shunga rozi boʻlsa, joiz. Agar rozi boʻlmasa, oʻsha belgilangan narsani olib berishingiz shart. Vallohu aʼlam!

 

Savol: Mahrning eng ozi oʻn dirham ekan. Uning pulimizdagi qiymati necha soʻm boʻladi?

 

Javob: Bizning mazhabimizda mahrning eng oz miqdori oʻn dirham kumush deb belgilangan. Koʻpining esa cheki yoʻq, ammo hadisi shariflarda mahrning ham oziga qanoat qilgan ayollar maqtalgan.

 

Bir dirham zamonaviy oʻlchovda 3,12 grammdir, uni oʻnga koʻpaytirsak 31,2 gramm boʻladi. Nikoh shartnomasi tuzilayotganida 31,2 gramm kumushning qiymati soʻmda qancha boʻlsa, oʻsha mahrning eng kam miqdori boʻladi. Bundan mahrga ana shu miqdordan ortiq berib boʻlmas ekan, degan xulosa chiqmaydi. Dinimiz jamiyatning barcha qatlami manfaatini teng himoya qilgani uchun ularning eng kambagʻaliga ham malol kelmaydigan miqdorni belgilagan. Kimning sharoiti koʻtarsa, bundan koʻprogʻiga qodir boʻlsa, koʻproq ham beraveradi. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Men 2012-yil uylanganman mahr berolmaganman. Hozir bermoqchiman. Shunda mahr oʻsha 2012-yildagi hisobdan beriladimi yoki hozirgi yil hisobidanmi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Nikoh paytida mahrga biror qimmatli narsa, masalan tilla uzuk yoki tilla sirgʻa belgilangan boʻlsa, bugungi kunda narxi qanday boʻlsa ham er oʻshani olib beradi.

 

Agar mahr soʻm yoki dollar kabi pul birliklarida belgilangan boʻlsa, oʻsha pul birligida belgilangan summani berishi shart boʻladi. Pul ancha qadrsizlandi deydigan boʻlsa, insof qilib biror narsa qoʻshib berishi ham mumkin.

 

Agar nikoh paytida umuman mahr belgilanmagan boʻlsa, er mahri misl beradi. Yaʼni, nikoh bitimi tuzilgan paytda, kelinga ota tomonidan har jihatdan (yoshi, husni va hokazo) teng boʻlgan ayol qarindoshlari qancha mahr olgan boʻlsa, oʻshani beradi. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Uylanishda mahrga ayolimga umraga olib boraman desam boʻladimi? Mahr oʻrniga oʻtadimi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Umra yoki hajga olib borish vaʼdasi mahr boʻlmaydi. Ularning pulini bersa, mahrga oʻtadi. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Qiz mahrga biror narsa soʻrasa, shu narsani yigitning oʻzi tomonidan olinishi kerakmi yoki yigitning oila aʼzolari tomonidan olingan boʻlsa ham boʻladimi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Aslida ayolga beriladigan mahr uni nikohiga olayotgan erning zimmasiga vojib boʻladi. Ammo erning nomidan uning yaqinlari nikoh vaqtida aytilgan mahrni ado qilsalar ham mahr oʻrniga oʻtadi. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Oʻgʻli uylanayotgan vaqtda kelinga mahr sifatida otasining uyini berishi mumkinmi? Bu mahrga oʻtadimi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Garchi otasining uyi boʻlsa ham mahrga kelishilgan uy otaning mulki boʻlsa, uni mahr sifatida ayoliga bera olmaydi. Chunki u birovning mulki hisoblanadi. Birovning mulkini esa, boshqaga sotishi, hadya qilishi yoki mahr sifati berishi durust emas. Vallohu aʼlam.

 

Bu borada fiqhiy manbalarda shunday bayon qilingan: “Biror narsani hadya qilishning shartlaridan biri shu narsa hadya qiluvchining mulki boʻlishi kerak. Boshqaning molini uning iznisiz hadya qilish mumkin emas. Chunki hadya qiluvchining mulki boʻlmagan narsani boshqaga berish imkonsizdir” (“Fatovoi Olamgiriya” kitobi).

 

Ammo otasi uyni oʻgʻliga hadya qilgan boʻlsa, shunda oʻgʻil uyni ayoliga mahr sifatida berishi mumkin. Uy kelinga mahr boʻlib oʻtgandan keyin butunlay uning haqiga aylanadi. Vallohu aʼlam.

 

Savol: Turmushga chiqayotganimda mahrga 5 mln soʻm pul soʻraganman, rozi boʻlganlar. Institutda kontraktda oʻqirdim. Xoʻjayinim 4 mln 400 ming soʻmni kontraktimga toʻlayotganlarida “mahrdan ketyapti shu pul” deganlarida, “mayli” deganman. Lekin keyin bilsam mahrni ayolni qoʻliga berishi kerak ekan. Ayol mahrini xohlagan narsasiga ishlatishiga haqli ekan. Shu bilan mening mahrim toʻlangan hisoblanadimi?

 

Javob: Yozishingizcha “kontraktimga toʻlayotganlarida mahrdan ketyapti” deganda “mayli” degan ekansiz. Shu bilan mahrning oʻshancha qismidan kechgan boʻlasiz. Vallohu aʼlam!

 

Savollar va javoblar Islom.uz va Fatvo.uz'dan olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//