Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 1 milliard 284 million so‘mlik tanlov bo'yicha e'tirozlarga munosabat bildirdi

Saqlash
00:42 / 18.07.2024 779 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “qadriyatim.uz” portali, “tanlov.manaviyat.uz” platformasi va ularning mobil ilovasini yaratish uchun 1 milliard 284 million so‘mlik tanlov o‘tkazgani yuzasidan jamoatchilikning tanqidiy e'tirozlarga munosabat bildirdi.

 

"Jamoatchilik tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “qadriyatim.uz” portali, “tanlov.manaviyat.uz” platformasi va ularning mobil ilovasini yaratish uchun 1 milliard 284 million so‘mlik tanlov o‘tkazgani yuzasidan tanqidiy munosabat bildirilgan.

 

Ma’lumki, 2023-yilning 22-dekabrida Prezidentimiz tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilishda bildirilgan taklif va tashabbuslarni amaliyotga keng joriy etish va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha  Dastur ishlab chiqilgan. Mazkur Dasturning 10-bandida  mamlakatimiz aholisining o‘ziga xos qadriyatlari, urf-odat va an’analarini o‘zida aks ettirgan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi, sayti va mobil ilovasini yaratish vazifasi belgilangan. Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli vazirlik, idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, “qadriyatim.uz” portalini yaratish taklifi berilgan.

 

Mazkur taklifdan kelib chiqib, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, “e-tender” maxsus elektron portalida 915 210 000 so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlab olish tanlovi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, interaktiv shaklda eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib, nomoddiy madaniy merosimiz, xalqimizning o‘ziga xos urf-odatlari haqidagi batafsil ilmiy ma’lumotlarni joylashtirish imkonini beradigan uchta tildagi platforma va mobil ilova yaratish shartlari qo‘yilgan. Shuningdek, unda mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy sayyohlar uchun milliy mahsulotlarimizni topish, eng diqqatga sazovar joylarning manzillari haqida bilish imkoniyatini yaratish ham nazarda tutilgan.  

 

“tanlov.manaviyat.uz” platformasi va ularning mobil ilovasini yaratish takliflar tanlovi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining 1-ilovasi 98-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida e’lon qilingan. Bunda jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalarning maxsus platformasini, ularning mobil ilovasini yaratish nazarda tutilgan.

 

Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida yuqoridagi tartiblar asosida “e-tender” maxsus elektron portali orqali 369 640 000 so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlab olish tanlovi e’lon qilingan va o‘tkazilgan.

 

Tanlovlarda ishtirok etish xohishini bildirgan ishtirokchilar orasidan g‘olibni tanlash tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibga asosan majburiy tartibda elektron shaklda o‘tkazilgan. Tanlovlarni o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga amal qilingan.

 

Keng jamoatchilik vakillarini, tegishli mutaxassislarni mazkur portal, platforma va mobil ilovalarning sifatli yaratilishi, samarali ishlashi, foydaliligini ta’minlashda faol ishtirok etishga, taklif va mulohazalarini bildirishga chaqirib qolamiz.

 

Ta’kidlash lozimki, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi har doim keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, blogerlar bilan yaqin hamkorlik qilish, faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash tarafdori.

 

Shu munosabat bilan, barcha jamoatchilik vakillarini, OAV xodimlari, blogerlarni mazkur platformalar haqidagi savollariga javob berish, ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berish, bu boradagi fikr-mulohaza va takliflarini eshitish uchun muloqotga chorlaymiz" – deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//