Bilimni baholash agentligi tomonidan tuzilgan testga eʼtirozlar bildirildi

Saqlash
19:21 / 16.07.2024 4637 0

Huquqshunoslik boʻyicha abituriyentlar tayyorlaydigan oʻquv markazi (Tashkent law school) oʻqituvchilari Agentlikni “saviyasi bir tiyinga qimmat” testlar tuzganlikda aybladi.

 

Maʼlum boʻlishicha, kuni kecha boʻlib oʻtgan imtihon jarayonida huquqshunoslik boʻyicha abituriyentlarga “saviyasi bir tiyinga qimmat testlar” tushgan.

 

Bunga oʻqituvchilardan biri tushday izoh beradi:

 

“Abituriyentlar oʻqishi uchun 4 ta kitob, 1 ta Konstitutsiya maslahat berilgan. yaʼni, ular maktabda oʻqigan kitoblar asosida imtihonda test yechishadi. Lekin maktabda oʻtilgan darsliklar boʻyicha nechta savol tushdi? Bizning oʻquvchilarimizga bitta 30 talik DTM testing 15 tasi maʼmuriydan, jinoyatdan tushgan. Bu qanday ahvol? Bu faqat bizning oʻquvchilar uchun emas, balki butun Oʻzbekistondagi huquqshunoslik sohasida oʻqigan abituriyentlarga ham shunday savol tushgan. Savollar biz yuristlar oʻqiydigan kitoblardan tushgan. Bu testlarni oʻzi men kabi oʻqishni bitirgan yuristlar ham yecholmaydi”

 

Mazkur eʼtiroz yuzasidan Bilimni baholash agentligi ham rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan foydalaniladigan test varianti tafsiloti Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy saytida eʼlon qilingan.

 

“Shuningdek, abituriyentlar oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik koʻrishlari uchun oʻqishga tavsiya etilgan darsliklar va oʻquv adabiyotlar roʻyxati ham agentlik saytida joylashtirilgan boʻlib, huquqshunoslik fanlari boʻyicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritilganda qonunning asl manbai (Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi – lex.uz. sayti)ga murojaat qilinishi boʻyicha ham maʼlumotlar eʼlon qilingan”, deyiladi munosabatda.

 

Izohlanishicha, 2024-2025-oʻquv yili qabuli test sinovlarida foydalanilgan va abituriyentlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan test topshirigʻida Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yoki ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida soʻralgan.

 

bundan maqsad esa aynan huquqshunoslik yoʻnalishini tanlash istagida boʻlgan abituriyentlarning shu sohada umumiy oʻrta taʼlim maktabida va akademik litseylarda olgan bilimlarini sinash, qolaversa, bu bilimlarni kundalik hayotda duch keladigan misollar orqali qay darajada tatbiq qila olishlarini aniqlashdan iborat boʻlgan.

 

“Yana shuni alohida taʼkidlash kerakki, normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha shakllantiriladigan test topshiriqlari butun hujjat asosida emas, balki oʻquv dasturida keltirilgan qismidan tuziladi. Shunga koʻra huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarini shakllantirishda ham amaldagi DTS va oʻquv dasturlaridan chetga chiqish holatlari boʻlmagan”, deb yoziladi Bilimni baholash agentligi munosabatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//