Jahon
Federal qidiruv byurosi Pensilvaniya shtati Butler shahrida saylovoldi tashviqoti paytida Donald Trampni otgan shaxs 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanligini maʼlum qildi.
Maʼlum boʻlishicha, shu yerlik boʻlib, Respublikachilar partiyasi tarafdori boʻlgan.
Maʼlumot uchun, Tramp ham respublikachi hisoblanadi.
Biroq Tomas uch yil oldin Demokratik partiyani qoʻllab-quvvatlovchi ActBluye tashkilotiga atigi 15 dollar boʻlsa-da, pul xayriya qilgan.
Taʼkidlash lozim, u otgan oʻq Trampning qulogʻiga teggan. Yigitcha oʻq otishni toʻxtatmagan. Natijada, mitingga yigʻilganlardan biri oʻq tegishi natijasida vafot etgan, yana ikki kishi ogʻir yaralangan. Qotilning oʻzi esa Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib oʻldirilgan.
Hodisa vaqtida yigitchaning yonida hech qanday hujjat boʻlmagan. Uning shaxsi DNK orqali aniqlangan.
Tomas Kruks kim edi? U ota-onasi bilan suiqasd sodir etilgan joydan taxminan 70 km uzoqlikda joylashgan Baytel-Parkda yashagan. Tomas 2022-yilda u maktabni tugatib, matematika va tabiiy fanlarda erishgan yuqori natijalari evaziga 500 dollar mukofot olgan. Yaʼni, u maktabning aʼlochi oʻquvchilaridan biri boʻlgan.
Maktabdan keyin Kruks qariyalar uyining oshxonasida ishlagan.
Amerika matbuotining yozishicha, suiqasd vaqtida Kruks qurol va portlovchi qurilmalar tasvirlangan videolarni chop etuvchi, millionlab obunachilarga ega YouTube kanali, Demolition Ranch logotipi tushirilgan futbolkada boʻlgan.
Manbalarga koʻra, huquq-tartibot idoralari Tomas Kruks otishmada ishlatgan qurolni uning otasi olti oydan koʻproq vaqt oldin qonuniy ravishda sotib olganini aniqlagan.
“Biz hozircha uning maqsadini aniqlaganimiz yoʻq”, degan FQBning hududiy xodimi.
Uning taʼkidlashicha, tergov bir necha oy davom etishi mumkin. Tergovchilar Kruksning bu ishni qilishiga nima undaganini aniqlash uchun bor kuchlarini ayamaydi.
Tomasning otasi Metyu Kruks CNN telekanaliga bergan intervyusida u nima boʻlganini mutlaqo bilmasligini va oʻgʻli haqida matbuotga gapirishdan oldin huquq-tartibot idoralari bilan gaplashishi kerakligini aytgan.
Suiqasddan soʻng, yakshanbaga oʻtar kechasi politsiya Krukslarning uyini atrofdagi uylar bilan birga oʻrab olgan va barcha qoʻshnilarni zudlik bilan evakuatsiya qilgan. Izoh soʻraganlarga esa “uydan portlovchi moslamalar topildi” deya javob berilgan.
Oldinroq Donald Trampga suiqasd uyushtirilgani hamda Shavkat Mirziyoyev bu harakatni keskin qoralagani haqida xabar berilgan edi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q