“Alifbo birligini tezroq taʼminlashimiz kerak”. Turkiya tashqi ishlar vaziri turkiy davlatlarni umumiy alifboni qabul qilishga chaqirdi

Saqlash
21:48 / 08.07.2024 463 0

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan turkiy davlatlarni umumiy alifboni qabul qilishga chaqirdi.

 

“Global kuchlar raqobati geografiyamizga kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik uchun saflarimizni kuchaytirib, umumiy farovonlik yoʻlida imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak”, degan u 6-iyul kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitida.

 

Maʼlumot uchun, mazkur tashkilotga Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari kiradi.

 

Hoqon Fidan Turkiya, Ozarbayjon va Oʻzbekiston lotin alifbosidan foydalanishi, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kirill yozuvidan foydalanishini eslatib oʻtar ekan turkiy davlatlar bitta alifboni qabul qilishi lozimligini taʼkidlaydi:

 

“Biz imkon qadar tezroq alifbo birligini oʻrnatishimiz kerak”.

 

Turki tashqi ishlar vaziri bu boradagi harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida yanada mustahkam institutsional asos yaratishga chaqirgan.

 

“Biz aloqa, energetika, moliya, savdo, mudofaa sanoati va yangi texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun zaruriy kelishuv tuzilmalarini yaratishimiz kerak”, deya qoʻshimcha qilgan u.

 

Fidan, shuningdek, turk madaniyati va oʻzlik tashabbuslarini global miqyosda qoʻllab-quvvatlash zarurligini ham urgʻulagan:

 

“Turk madaniyati va oʻzlik bayrogʻini chegaralarimizdan tashqarida hilpiratgan birodarlarimizni, Bolqon, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Oʻrta Sharqda va dunyoning turli burchaklarida yashovchi vatandoshlarimizning oʻzligini himoya qilishni tashkilotimiz kun tartibiga qoʻyishimiz kerak”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//