2022-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun maʼqullandi

Saqlash
22:19 / 15.12.2021 1125 0

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida 2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonuni muhokama etildi. Qonun bilan 2022-yil uchun asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024-yillar uchun byudjet moʻljallari belgilanmoqda.

 

Qonunda soliq siyosatiga muhim oʻzgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.

 

Jumladan, 2022-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xoʻjaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

 

2022-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trln soʻm yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trln soʻm yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari 31,9 trln soʻm, xarajatlari esa 58,7 trln soʻm miqdorida rejalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yoʻnaltiriladi. Jumladan, Qonunda ochiq byudjet, “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga 1 trln 553 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ nazarda tutilgan.

 

Senat aʼzolari tomonidan mazkur Qonun maʼqullandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//