Koreya Respublikasi Prezidenti 2 kun Oʻzbekistonda boʻladi

Saqlash
10:20 / 12.06.2024 313 0

Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol 13–15-iyun kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻladi.

 

Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston-Koreya doʻstlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqiladi.

 

Shuningdek, savdo, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari eʼtibor markazida boʻlib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qoʻshma dasturlar ham muhokama qilinadi.

 

Uchrashuv davomida mintaqaviy, jumladan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

 

Sammit yakunlari boʻyicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanadi.

 

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari qoʻshma biznes forumida ham ishtirok etadi. Mazkur ishtirok tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida amalga oshiriladi.

 

Xabarda yozilishicha, Prezident Yun Sok Yol mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyuradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//