“Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovi gʻoliblari eʼlon qilindi

Saqlash
21:07 / 15.12.2021 1060 0

Xabar berganimizdek, bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan oʻtkazilgan “Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

 

“Eng namunali tuman va shahar” yoʻnalishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumani hamda Fargʻona viloyatining Buvayda tumani 75,6 ball bilan 1-oʻrin, “Eng namunali vazirlik va idora” yoʻnalishida esa Mudofaa vazirligi 96,9 ball bilan 1-oʻrinni egalladi. Tanlovning mutlaq gʻoliblariga Prezident sovgʻasi – “Damas” avtomobili va 15 million soʻmlik kitoblar toʻplami taqdim etildi. Tanlovda 2–5-oʻrinlarni egallagan jamoalar ham pul mukofoti va kitoblar toʻplami bilan taqdirlandi.

 

Tanlov haqida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov fikr bildirar ekan, xalqning oʻzligini, madaniyati va maʼnaviy ildizlarini saqlab qolishda maʼnaviyatning oʻrni katta ekanini taʼkidlab oʻtdi.

 

— “Maʼnaviyat shunday omilki, u millatni millat, xalqni xalq, davlatni davlat sifatida katta kuchga aylantira oladi. Shu nuqtayi nazardan Prezidentimiz tashabbusi bilan maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ilgʻor tashabbuslarni ragʻbatlantirish, bu boradagi tajribalarini ommalashtirish maqsadida katta ishlar olib borilmoqda. Oʻz tashabbuslari bilan ibrat boʻladigan tashkilotlarni ragʻbatlantirish katta natija beradi. Shu maʼnoda ushbu tanlov ham bizga eng yaxshi tashabbuslarni aniqlash, ularni ommalashtirish va yanada rivojlantirish imkonini berishi bilan ahamiyatli”, — dedi u.

 

Birinchi oʻrinni egallagan hudud va vazirlik vakillarining tanlov haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlim boshligʻi podpolkovnik Oybek Mamadaliyevning fikricha, ushbu tanlov yangi imkon va tashabbuslarni beradi:

 

— Idora va vazirliklarda maʼnaviy va maʼrifiy ishlar borasida amalga oshirilgan ishlar doirasida oʻtkazilgan tanlovda birinchi oʻrinni egallashimiz oson boʻlmadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Mudofaa vazirligiga, qurolli kuchlar, maʼnaviyat sohasiga katta eʼtibor berilayotgani mana shunday yutuqlarimizga sabab boʻlmoqda, albatta. Qolaversa, buning ostida vazirlik tomonidan yoʻnalish doirasida olib borilayotgan juda katta ishlar, harakatlar va har bir xodimimizning mehnatlari yotibdi, deb hisoblayman. Ushbu yutuq kelajakda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida katta qadam, katta ragʻbat boʻldi. Biz bu bilan toʻxtab qolmaymiz. Maʼnaviyat sohasida olib borilgan ishlarimizni yanada jonlantirish, yanada kuchaytirishda davom etamiz.

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumani hokimi oʻrinbosari Aliyev Bekzod:

 

— Tumanimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash, maʼnaviyatini oshirish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, mahallalarda ilmli kishilar, professorlardan iborat “Mahalla homiylari” roʻyxati shakllantirib, ular ishtirokida turli maʼnaviy targʻibotlar olib boryapmiz. Ular bugun bizga katta koʻmakchi boʻlishmoqda. Bogʻcha, maktab, oliy taʼlim, mahalla va oilalarda tarbiya uzviy yoʻlga qoʻyilsa, maʼnaviy ishlarda dangasalik qilinmasa, yangi tashabbuslar bilan chiqilsa oʻz natijasini berishiga bugun yana bir bor amin boʻldim. Bu yoʻnalishdagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga qoʻyilgan vazifalarni bajararkanmiz, bunda maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ishlar alohida ahamiyat kasb etadi, albatta.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//