Pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dorini noqonuniy sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi

Saqlash
16:01 / 17.08.2021 1010 0

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilishi natijasida 12 ming dollarlik pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dorini noqonuniy sotayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Fuqaro X.B. xorijda ishlab chiqarilgan 218 quti "Remdisivir-Rameda 100 mg Vial 20 ml" nomli dori vositasini sotmoqchi bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, tadbir davomida u pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dorining har bir qutisini 600 ming so‘mdan hisoblab, 12 000 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 218 quti dori vositasining umumiy bahosi 91,5 million so‘mni tashkil etgan.

Shu kabi, departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda 3 nafar fuqaro 63 quti "Kleksan" nomli dori vositasini dorixona va uning filiallaridan tashqarida muomalaga kiritmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Ular dorining har birini 900 ming so‘mdan baholab, 57,6 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari  o‘tkazilmoqda.

Avvalroq 186 dona o‘zbek-xitoy rekombinant vaksinasi (ZF-UZ VAC2001) ni jami 1.400 AQSH dollariga sotayotgan hamshiralar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//