“Cargo bike”: qanday qilib Germaniya kajavali velosipedlar markaziga aylanib bormoqda?

Saqlash
19:29 / 15.12.2021 1400 0

Germaniyaga ko‘p mamlakatlar havas qiladi. Chunki bu davlat siyosat, ta’lim tizimi, sanoat va ishlab chiqarish sohalarida hamisha yetakchi bo‘lib kelgan. Olmonlar Yevropada yana bir yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishdi, bu – “cargo” velosipedlari ishlab chiqarish sanoati.

 

Yaqinda Grit Paulussen (mashhur nemis teatr va kino aktrisasi va radio boshlovchisi) turmush o‘rtog‘i Mattias Bogus bilan yangi sayohatga otlanishdi.

 

Er-xotin ikki yoshli farzandi uchun enaga yollab, o‘zlari tug‘ilgan shahar – Myunxendagi zamonaviy restoranlardan biriga stol band qilishdi. Shundan so‘ng so‘nggi rusumdagi kajavali elektr velosipedda sayohatga chiqishdi.

 

 

“Albatta, taksi yoki oddiy velosipedni tanlashimiz mumkin edi, biroq o‘sha oqshomni biz o‘zgacha nishonlashni o‘ylardik, Mattiasga elektr velosiped haydash, menga esa yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirib ketish yoqardi. Biz uchun bu chinakam baxt edi”, deya tushuntiradi Paulussen xonim.

 

Yevropada yuk velosipedlari savdosi 2020 yili 38 foizga ko‘tarildi, joriy yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich 66 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

 

Hozirgacha Yevropaning bu boradagi eng yirik bozori Germaniya bo‘lib, Milliy velosiped assotsiatsiyasi 2020 yili sotilgan 103 ming kajavali velosipedni ro‘yxatdan o‘tkazdi.

 

Yevropa velosiped assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Daniya 25 ming, Niderlandiya 16 ming va Fransiya 12 ming dona velosiped sotgan. Bu esa Germaniya ulardan ancha oldinda ekanini ko‘rsatadi.

 

 

Kajavali velosiped bir necha afzalliklarga ega: uzoq taraddudlarsiz tezkor sayohatga chiqish, oldinda o‘tiradigan bolalar bilan bemalol suhbatlashib ketish va elektr motori borligi uchun ortiqcha ter to‘kmasdan harakatlanish.

 

Germaniyaning kajavali velosipedlar sotiladigan yirik do‘konlaridan biri “Ahoi Velo”da, savdo bo‘yicha maslahatchi Filipp Runge ma’lumot berishicha, eng arzon model 3800 yevrodan boshlanadi.

 

Kajavali velosipedlar odamlarning turmush tarzi tanloviga aylangani sababli ishlab chiqaruvchilar bozorning Rolls-Royseini yaratish uchun poyga qiladi”, deb tushuntiradi u.

 

Bunga yaqinda chiqarilgan Ca Go misol bo‘la oladi, unda elektron uzatmalar qutisi, xavfsizlik yostiqchasi, keskin burilish uchun kabelli boshqaruv va tebranishlarni yutuvchi, bosh suyanchig‘iga ega yig‘ma o‘rindiqlari bor. Barcha ixtiyoriy qo‘shimchalar bilan uning narxi 10 000 yevrodan oshadi.

 

 

“Albatta, bizning velosipedlar ham arzon emas, deydi Paulussen. Xayriyatki, Myunxen shahri tomonidan bizga 1000 yevro subsidiya berildi”.

 

cargobike.jetzt vakili Arne Behrensenning so‘zlariga ko‘ra so‘nggi vaqtlarda Avstriya, Shveysariya, Fransiya, Italiya va Belgiya kabi boshqa bir qancha davlatlar ham velosipedlarga subsidiya taklif qilmoqda. Bu boradagi tartib-taomillar chalkash tuzilgan. Birgina Germaniya va Avstriyada 100 dan ortiq kommunal va mintaqaviy sxemalar mavjud.

 

Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili Gamburg shahrida yangi sotib olingan kajavali velosipedlarning 33 foizini subsidiyalash uchun 700 000 yevro ajratilgan.

 

Sotuvchi Filipp Rungening aytishicha, bir necha yil oldin mijozlari umumiy xaridorlarning atigi 10 foizini tashkil qilgan. Bugungi kunda ular taxminan 35 foiz atrofida.

 

 

Avtomobil sanoatining tajribalari, nou-xaulari va dizayn elementlari endi kajavali velosipedlarga o‘tmoqda. Dastlabki nusxalari og‘ir yuk tashishga mo‘ljallangan. Sotuvchilar pochta xizmati, non va sut yetkazib berish uchun ishlatishgan.

 

Cargo bike”ning tarixi XXI asrning 80-yillariga borib taqaladi. Angliyalik Jeyms Starli odam va yuk tashish uchun uchta dizayn nusxalarini yaratgan.

 

O‘sha paytda yog‘och ramkalar o‘rnini qattiq temirlar egallagan edi. Biroq bu harakatlanish uchun juda og‘irlik qiladi va yuk tashish imkoniyatini kamaytiradi.

 

Bugun esa tijoriy maqsadda foydalaniladigan og‘ir yuk velosipedlaridan biri “Onoda” 200 kilogramgacha ko‘tara oladi. Unda ob-havodan himoyalangan haydovchi kabinasi, radiochastotani identifikatsiyalash moslamasi qulflari, shuningdek, bir necha soniya ichida almashtiriladigan batareyalar mavjud.

 

 

Mikroavtobus qulayliklarini velosipedning ekologik moslashuvchanligi bilan uyg‘unlashtirgan “cargo bike” insonda g‘ayrioddiy erkinlik va xursandlik hissini uyg‘otadi.

 

Eng qulay tomoni – ortiqcha xarajatlardan xoli. Yonilg‘i talab qilmaydi, elektr orqali quvvatlanadi. Velosipedlar va elektron velosipedlardan foydalanish havoga ortiqcha gaz chiqarmasdan ekologiyani asrab qolishga qaratilgan.

 

Hozirda rivojlangan mamlakatlar yirik shaharlarda kajavali vilosipedlarni ommalashtirishga intilmoqda. Odamlar shaxsiy mashinalaridan voz kechib, yangi transport turiga o‘tyapti. Germaniya mazkur tajribani qo‘llab chiqqan ilg‘or davlatlardan biri hisoblanadi. Hozirda bu amaliyot o‘zini to‘la oqlamoqda.

 

Doston RAHMAT

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//