YUNESKO: butun dunyodan kelgan ta’lim vazirlari nimalarni muhokama qildi?

Saqlash
11:25 / 02.11.2025 92 0

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida juda qiziq anjumanlar bo‘lyapti. Shulardan birida butun dunyodagi davlatlarning ta’lim vazirlari yig‘ilishdi. Bu yuqori darajadagi xalqaro muhokama “Ertangi kunni bugundan boshlab o‘zgartirish: Barqaror kelajak uchun zarur ko‘nikmalar haqida vazirlar muloqoti” deb nomlangan bo‘lib, uch soat davom etdi.

 

Xo‘sh, butun dunyodan kelgan ta’lim vazirlari nimani gapirdilar? YUNESKO minbarida ko‘tarilgan masala – bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligi, buning natijasida tengsizlikning kuchayishi bo‘ldi. Texnologiyaning jadal rivojlanishi, demografik holat, iqlim o‘zgarishi, insonlar o‘rtasida toqatsizlik va nizolarning avj olishi hamda geosiyosiy beqarorlik kabi davrimizning eng katta chaqiruv va muammolari ta’limga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

 

 

Ta’kidlanishicha, hozirda butun dunyo bo‘yicha 450 million yosh mehnat bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun zarur ko‘nikmalarga ega emas, yosh ishchilarning yarmidan ko‘prog‘i norasmiy ish bilan band. 15–34 yoshdagi har beshta odamdan biri rasmiy ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishlaridan chetda qolgan. Shu bilan birga taxminan 262 million yoshlar ishsiz, ta’limda yoki o‘quv dasturlarida qatnashmayapti. Ularning 72 million nafari Afrikada, asosan yosh ayollardir.

 

Dunyoda hanuz 739 million savodsiz kishi mavjud bo‘lib, ularning uchdan ikki qismi ayollardir. OECD (bu AQSH, Kanada, Yaponiya, Koreya, Avstraliya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlar kiradigan tashkilot) mamlakatlarida ham ta’lim darajasi o‘sganiga qaramay, 2012–2023-yillar oralig‘ida kattalar o‘rtasida savodxonlik va hisoblash ko‘nikmalari barqaror qolgan yoki pasaygan, katta qismi yetarlicha malakaga ega emas.

 

Shu bilan birga, yangi ko‘nikmalarga bo‘lgan talab tez sur’atlarda o‘smoqda. Raqamli, “yashil” va STEM (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) sohalaridagi bilimlar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Raqamli va “yashil” transformatsiya mehnat bozorini tubdan o‘zgartirmoqda. 2030-yilga kelib avtomatizatsiya va sun’iy intellekt 90 milliongacha ish o‘rnini yo‘qotishi, ammo 170 million yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda — ular mutlaqo yangi malaka va ko‘nikmalarni talab etadi.

 

 

Raqamli transformatsiya ta’limda yangi imkoniyatlar ochayotganiga albatta hammamiz guvohmiz. Ammo internet, texnik qurilmalar (telefon, planshet, noutbuk, kompyuter) va sifatli o‘quv imkoniyatlaridan dunyo aholining barcha qatlamlari teng foydalanishi ta’minlanmasa, bu tengsizlikni kuchaytiradi. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish ham — qayta tiklanuvchi energiya, barqaror qishloq xo‘jaligi, aylanma iqtisodiyot va iqlim barqarorligi sohalarida — texnik ko‘nika va bilimlar hamda muammolarni hal qilish, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoada samarali ishlash, moslashuvchanlik, emotsional barqarorlik, samarali muloqot qilish kabi universal ko‘nikmalarni talab etadi. Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu sohalarga yetarli sarmoya kiritilmasa, tengsizlik chuqurlashishi, norasmiy ish bilan bandlik kuchayishi va yangi global farq yuzaga kelish xavfi mavjud.

 

Bular endi muammolar. Ularni yechimi qanday? 2023-yilda qabul qilingan YUNESKOning “Tinchlik, inson huquqlari va barqaror rivojlanish uchun ta’lim to‘g‘risidagi tavsiyasi” ta’limni yangi, yaxlit yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqish uchun me’yoriy asos yaratadi. Unga ko‘ra, ta’lim faqat bilim va ko‘nikmalar emas, balki qadriyatlar va munosabatlarni ham shakllantirishi lozim, chunki aynan tizimli to‘siqlar va adolatsizliklar ko‘pincha mojarolar va ijtimoiy beqarorlik manbai hisoblanadi.

 

 

Shu o‘rinda O‘zbekistonning ta’limni tarbiya bilan baravar olib borish kerak tamoyili aynan mana shu tavsiyalarga hamohang. Bilim va ko‘nikmalar nafaqat mehnatga yaroqlilik uchun, balki tenglik, qadr-qimmat, faol fuqarolik va ijtimoiy barqarorlik uchun ham zarur.

 

Muloqot davomida ta’lim tizimi faqat bilim berish vositasi bo‘lib qolmasdan, jamiyat va inson o‘rtasidagi yangi o‘zaro kelishuv — ya’ni “ijtimoiy shartnoma”ni shakllantirishi kerakligi haqida ham ketdi. “Ijtimoiy shartnoma” deganda shunday g‘oya nazarda tutiladi: davlat, ta’lim muassasalari va jamiyat har bir insonga teng imkoniyat yaratib berishi, inson esa o‘z navbatida oladigan bilim va ko‘nikmalardan nafaqat shaxsiy yutuqlarga erishish uchun foydalanishi, balki jamiyat rivojiga ham hissa qo‘shishi lozim.

 

Bu jarayonda gender tengligini ilgari surish, qochqinlar va ko‘chirilgan shaxslar uchun ta’lim imkoniyatini ta’minlash, ularning malaka va diplomlarini tan olish muhimdir. YUNESKOning “Qualifications Passport” (Malakalar pasporti) tashabbusi bu borada amaliy mexanizm vazifasini o‘taydi.

 

 

Shuningdek, umrbod ta’limga asoslangan yondashuv muhim ahamiyatga ega ekani aytildi. Ya’ni odam faqat maktab yoki universitetda emas, balki hayotning har bir bosqichida — ishda, kurslarda, internet orqali yoki kundalik tajribada ham yangi narsalarni o‘rganishi kerak. Shuning uchun ta’lim tizimi odamlarga qayta o‘qish, yangi kasb o‘rganish yoki bor bilimini mustahkamlash uchun qulay imkoniyatlar yaratilishi lozim. Masalan, kimdir yoshlikda muhandis bo‘lgan bo‘lsa, keyin IT sohasiga qiziqib qolsa, u qo‘shimcha kurslar orqali bu sohani o‘rganishi mumkin.

 

Shuningdek, ko‘nikmalarni aniq va samarali baholash tizimi haqida ham gap ketdi. Aynan shunday baholash tizimi orqali davlat yoki tashkilotlar odamlarda qaysi sohada bilim yetishmayotganini bilib, aynan o‘sha yo‘nalishga sarmoya yo‘naltira oladi. Masalan, muhandislik sohasida mutaxassislar kam bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishda ko‘proq o‘qitish va tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi.

 

Va bu anjuman ta’lim vazirlari o‘rtasida o‘zaro muloqot, tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun ham ajoyib platforma bo‘ldi.

 

 

Nazokat Abduqunduzova

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//