Xorazmda ekologiya xodimi mast fermer tomonidan kaltaklandi

Saqlash
17:33 / 10.06.2024 313 0

Xorazm milliy tabiat bogʻi inspektori A.O‘. xizmat vazifasini bajarayotganda hujumga uchradi. Natijada, u jarohat olgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, milliy tabiat bogʻiga tutash hududda tashkil etilgan “Amudaryo oltin baliq” f/x tomonidan oʻziga ajratilgan yer maydonidan tashqariga chiqib, gujum koʻchatlari ekilgan joyga sholi ekish maqsadida maydon chetidagi katta himoya chegaralari buzib tashlangani va suv ochib yuborilgan. Oqibatda hududda 2024-yil bahorida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan 3 ming tup gujum koʻchatlari nobud boʻlish holatiga kelib qolgan.

 

Xorazm milliy tabiat bogʻi maʼmuriyati tomonidan fermer xoʻjaligiga 1 kun muddatda suv chiqarib yuborilmasa, 3 mingdan ziyod koʻchat nobud boʻlishi va bu maʼmuriy javobgarlikka tortilishi yuzasidan ogohlantirish xati berilgan.

 

Biroq fermer xoʻjaligi rahbari bu ogohlantirishga parvo qilmasdan, 4-iyun kuni, kechqurun soat tungi 00:00 lar atrofida bogʻ hududiga suv ochish maqsadida kirgan.

 

Shu paytda uni inspektor payqab qolgan va huquqbuzarlikni bartaraf qilishga uringan.

 

Bu vaqtda mast holatda boʻlgan fermer inspektorga qarshilik koʻrsatgan va xodimni doʻpposlab, tan jarohati yetkazgan.

 

Inspektor Yangibozor tuman tez tibbiy yordam muassasasiga yotqizilgan. Ayni damga kerakli muolajalar koʻrsatilmoqda.

 

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar Yangibozor tuman Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yangibozor tumani boʻlimiga qonuniy chora koʻrish uchun yuborilgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, “Amudaryo oltin baliq” f/x rahbari bundan oldin ham Xorazm milliy tabiat bogʻi hududida huquqbuzarlik sodir etgan va sud tomonidan tegishli jazoga tortilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//